Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi Powered By GSpeech
Xalqaro press klub Fargʻonada “Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimi: islohotlarning yangi bosqichi, muammolarning chuqur tahlili va tezkor yechimlar” mavzusida sessiya oʻtkazdi.
 
Unda viloyat hokimligi mutasaddilari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari va prorektorlar, professor-oʻqituvchilar, talabalar, ish beruvchi korxona,tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
 
Unda viloyatdagi oliy oʻquv yurtlarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda bugun dolzarb boʻlib turgan juda muhim masalalar, muammoli vaziyatlar tahlil qilindi.
 
Qayd etib oʻtilganidek, bugun respublikamizda mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarga arzon ishchi kuchi sifatida emas, aksincha, salohiyati yuksak, raqobatdosh kadrlar deb qaralmoqda. Shunga monand ravishda yigit-qizlarni taʼlim olish jarayonidayoq oʻz mutaxassisligi boʻyicha tegishli korxona, tashkilot yoki muassasaga amaliyot oʻtashi uchun yoʻnaltirish, bandligini taʼminlashga masʼuliyat bilan yondashilyapti. Boshqacha aytganda, erta-indin oliy oʻquv yurtini bitirish arafasida turgan har bir mutaxassis qoʻliga diplom olgach, qachon, qayerda va qanday qulayliklar evaziga mehnat faoliyatini boshlashini yaxshi biladi. Bu esa uning kelajakka ishonchi mustahkamligidan, aniq maqsad hamda qatʼiy pozitsiyaga ega ekanidan dalolat beradi.
 
Mamlakatimizda hayotga izchil tatbiq qilinayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida yoshlar bandligi ustuvor vazifa sifatida belgilangani bejiz emas. Lekin keyingi vaqtda oliy taʼlim muassasalarida vujudga kelayotgan ayrim kamchilik va muammolar taʼlimdagi islohotlarni jonlantirish zarurligini koʻrsatmoqda. Vodiy viloyatlari qatorida Fargʻonadagi oliy taʼlim muassasalarida ham ana shunday kamchiliklar borligi mazkur sessiyada ochiq-oydin aytib oʻtildi. Bugungi kunda viloyatda 8 ta oliy oʻquv yurti faoliyat koʻrsatmoqda.
 
Fargʻonadagi oliy taʼlim muassasalaridan tayyorlangan tanqidiy ruhdagi lavha efirga uzatildi. Xususan, Fargʻona politexnika institutidagi obodonlashtirish yumushlariga beparvo qaralayotgani, Fargʻona davlat universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi Fargʻona filialida oʻquv xonalarining ayanchli ahvoli, TATU Fargʻona filialida talabalar uchun texnika jihozlarining yetishmasligi, internet tezligi va sifatining pastligi ana shu lavhada aniq misollar asosida namoyish etildi. Shuningdek,Qoʻqon davlat pedagogika instituti oldida yoʻl harakati xavfsizligi masalasi jiddiy eʼtibor talab qilayotgani, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Fargʻona mintaqaviy filiali hamda Toshkent davlat texnika universiteti Qoʻqon filiali talabalar turarjoylaridagi (ilgari kollejga tegishli boʻlgan binolar) bir qator vaziyatlar tahlil etildi.
 
Koʻtarilgan muammolar yuzasidan oliy taʼlim muassasalari rahbarlariga turli savollar berildi. Rektorlar va filiallar direktorlari mavjud vaziyat va uni bartaraf etish boʻyicha oʻz fikrlarini bayon qildilar.
 
Oliy taʼlim rivojiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va ragʻbat tufayli keyingi yillarda mamlakatimizda dunyoning eng rivojlangan davlatlari oliy oʻquv yurtlari filiallari tashkil etildi. Bu esa oʻz navbatida sohada milliy va xorijiy tajribani taqqoslash imkonini ham bermoqda. Press-klub sessiyasida ayni shu xususiyatlar haqida ham soʻz yuritildi. Ushbu mavzu yuzasidan Latviyaning axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi (ISMA) Prezidenti, professor va akademik Roman Dyakonning fikrlari tinglandi. Ushbu nufuzli oliygohning Fargʻonada tashkil etilgan filialida ilk saboqlarni oʻzlashtirgan talabalar Diyorbek Homidov hamda Halimjon Oʻrinboyevlar Oliy maktabning afzalliklari, oʻqituvchilarning bilim va tajribasi, zamonaviy oʻqitish uslublari haqida soʻzladilar.
 
Oliy taʼlim tizimini sifat jihatidan yuqori bosqichga koʻtarish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, yoshlarga nazariy bilim berish barobarida, korxona hamda tashkilotlarda amaliy koʻnikmalarini oshirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish doimiy eʼtibordagi masalalardan biri hisoblanadi. Talabalar uchrashuv chogʻida bu boradagi savol va takliflar bilan mutaxassislarga yuzlandilar.
 
Xalqaro press-klubning sayyor sessiyasida amaliyotchi korxonalar va soha mehnat faxriylarining ham fikrlari tinglandi. Taʼlim muassasalarida eski va yaroqsiz darsliklardan foydalanilayotganiga tanqidiy baho berildi. Talabalarning mutolaa madaniyatini oshirish, kitob qadri haqida qimmatli mulohazalar taʼkidlab oʻtildi.
 

 

OʻzA
Tugmani bosing Tinglash