Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi Powered By GSpeech

Farg‘ona shahridagi Tadbirkorlar markazi zalida “30 iyun – Yoshlar kuni” munosabati bilan viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning viloyat yoshlari bilan “Hokim va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda viloyat boshqarma, tashkilotlarining rahbarlari, OAV vakillari, viloyatimizning 19 ta shahar-tumanlaridan yoshlar vakillari ishtirok etdilar. Ular orasida bu yil maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlagan yigit-qizlar, jahon chempionatlarida qatnashgan sportchilar, olimpiada g‘oliblari va maktab, kollej, oliy o‘quv yurtlarida ta’lim oluvchi boshqa faol yoshlar ham bor. 
Uchrashuvning avvalida viloyat hokimi nutq so‘zlab, bugun yoshlar bilimli, tafakkurli, har sohada yetuk va albatta baxtli bo‘lishlari uchun olib borilayotgan ishlar haqida so‘zladi. Xususan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus doirasida bajarilayotgan va bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdi. 
Yurtboshimizning: “Bilim, madaniyat, fidoyilik birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Ma’naviyat iqtisodiyotga ham asos bo‘ladi. Farzandlarimizni sog‘lom, bilimli, vatanparvar qilib tarbiyalash uchun hech narsani ayamaymiz. Ana shunday yoshlar bizning ertangi kunimiz” degan so‘zlariga alohida urg‘u berildi. 
Hokim o‘z nutqidan keyin yoshlarga savollar bilan murojaat qilib, iqtisodiyot, tarix, adabiyot va boshqa sohalarda savollar berdi. Eng bilimdon, topag‘on yigit-qizlar viloyat hokimi tomonidan 25 ta kompyuter, ayped va boshqa esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Viloyat hokimi uchrashuv davomida yoshlarning takliflarini tingladi, ularning savollariga javob berdi. Yoshlar vakillaridan tushgan savollarga javob berish mobaynida rahbarning tashabbuskor, bilim olishdan to‘xtamaydigan, adolatli, to‘g‘riso‘z, mehnatdan qochmaydigan, mas’uliyatni zimmasiga ola biladigan bo‘lishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi. 
- Shuhrat Madaminovichning Farg‘ona yoshlariga bo‘lgan mehrini ko‘rib, o‘zimizni boshqacha his qildik. Ilgarigi “Hokim va yoshlar” uchrashuvlarida ko‘proq ijtimoiy muammolar bo‘yicha suhbatlashilgan bo‘lsa, bu safar uchrashuv bayramona tarzda o‘tyapti. Hokimimizning har bitta bolani diqqat bilan eshitib, ularning fikrlariga baho berib, otalarcha bergan maslahatlari albatta kelajakda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Har bir yosh 5 tashabbus bo‘yicha fikrlar, takliflarini bildirdilar. Viloyatimiz hokimining Farg‘ona yoshlarini boshqa viloyatlar yoshlariga o‘rnak qilib ko‘rsatamiz deganlari barchamizni judayam ruhlantirdi – deya uchrashuv haqida o‘z fikrlarini bildirdi Uchko‘prik tumani Yoshlar Ittifoqi kengashi sardori Asilbek Homidov.
- Men esa bu uchrashuvda birdaniga ikkita ayped va kompyuter yutib oldim, - deydi Farg‘ona politexnika instituti talabasi Muxlisa Mirzarahimova. – Bu safarga uchrashuvning juda rasmiy bo‘lmaganligi, iste’dodli yoshlarimizning rag‘batlantirilishi, shunday savol-javob tariqasida bilimni baholab sovg‘alar berilishi yoshlarni bilimli bo‘lishga otlantirdi. 
Tadbirda yutuqlarga erishgan yoshlar vakillari alohida mukofotlar bilan taqdirlandilar. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil, 14 noyabrdagi 914-sonli qarori hamda Respublika komissiyasining 2019 yil, 24 maydagi 6-sonli qarori bilan Mo‘ydinov Davronbekka oliy o‘quv yurtiga kirish uchun tavsiyanoma hamda mukofot berildi. Miraziz Mirzaxalilov esa o‘smirlar o‘rtasida boks bo‘yicha Osiyo chempioni bo‘lgani uchun taqdirlandi. Shuning7dek, Asadbek Odilov fan olimpiadasida ingliz tili bo‘yicha 1-o‘rin sohibi bo‘lgani, Yo‘lchiyev Alisher tadbirkorlik faoliyatida 16 nafar yoshlarni ish bilan ta’minlagani uchun taqdirlandilar.
Shuningdek, 5 tashabbus doirasida har bir tashabbus uchun bir milliarddan, jami 5 milliard pul ajratilib, yoshlar o‘rtasida o‘z iqtidorlarini namoyon qilishlari va mukofotlar egasi bo‘lishlari uchun konkurs e’lon qilinishi katta quvonch bilan kutib olindi. 
Ikki soatdan ortiq davom etgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvi juda samimiy, qiziqarli o‘tdi. 

 

Manba: FARG‘ONA VILOYATI HOKIMLIGI
RASMIY VEB SAYTI

Tugmani bosing Tinglash