Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi Powered By GSpeech

Bugun viloyat hokimligida So’x tumani faollari bilan bo’lib o’tgan onlayn videomuloqotda davlatimiz rahbarining joriy yil 8 avgustda qabul qilingan “2020-2021 yillarda Farg’ona viloyatining So’x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Viloyat studiyasida sektorlar hamda tegishli tashkilot, boshqarmalar rahbarlari, deputatlar ishtirok etishdi.

Yig’ilishni viloyat hokimi Shuhrat G’aniyev ochib, So’x tumanini har tomonlama rivojlantirish hamda aholining turmush darajasini yaxshilash borasidagi ishlarga to’xtalib o’tdi.

Videomuloqotda So’x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.

Darhaqiqat, chegaradosh hududda yillar davomida yig’ilib qolgan muammolar Prezidentimizning topshirig’i asosida bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Ichimlik suvi, elektr ta'minoti yaxshilanyapti, ko’chalarga asfalt va beton qoplamalar yotqizish ishlari davom etmoqda. Qaror bilan tasdiqlangan 2020-2021 yillarda So’x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlarining manzilli dasturiga 146 ta loyiha kiritilgan bo’lib, 639 milliard so’m mablag’ sarf etiladi. Undan tijorat banklari kreditlari 123,5 milliard so’mni, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar 5,2 million dollarni tashkil qiladi. 

Ayni kunlarda Qayroq massividagi 1 448 gektar yaylov maydonlarini o’zlashtirish uchun uch ko’tarmali “Qayroq” nasos stantsiyasini qurish ishlari qizg’in davom etmoqda. 50 gektar o’zlashtirilayotgan maydonda esa bodomzor, pistazor va yong’oqzor tashkil etish ishlari boshlandi. Bu yerda tadbirkorlikni rivojlantirish ham muhim vazifalardan sanaladi. Hozirga qadar tadbirkorlarning 140 ta loyihalarini moliyaviy qo’llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratildi. Tumanda bugungi kunda 14 mingdan ortiq mol-mulk va yer solig’i to’lovchilar bor. Soliq imtiyozining tadbiq qilinishi natijasida joriy yilda 2 milliard 300 million so’mlik mablag’lar tuman aholisi ixtiyoriga qoldirilmoqda. Shuningdek, 400 dan ortiq kichik biznes sub'ektlari ham ana shunday imkoniyatlardan foydalanadi.

 “Chashma” bulog’i suvini qadoqlab, ishlab chiqaradigan tarmoq ish boshladi. Forel balig’ini yetishtirish yo’lga qo’yildi. Tibbiyot muassasalarida ishlayotgan shifokorlarning maoshlariga shu yilning o’zida 550 million so’m qo’shimcha ustamalar to’lab berildi. Tumanda samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qo’nish maydonchasi tayyor holatga keltirilmoqda. Joriy yilda 96 km yo’l va 20 km piyodalar yo’laklarini qurish rejalashtirilgan bo’lib, yo’lsozlar tomonidan bu borada ishlar o’z muddatida sifatli bajarilyapti.

“Saribozorcha” mahalla fuqarolar yig’ini hududida 25-umumta'lim  maktabiga qo’shimcha 240 o’rinli yangi bino qurish boshlandi. Shuningdek, hozirga qadar tumanda 1 ta davlat, 2 ta davlat-xususiy sherikchilik asosida, 10 ta nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari ishga tushirildi. Tumanda maktabgacha ta'lim tizimiga joriy yil yakunlariga ko’ra bolalarni qamrab olish ko’rsatkichini 37,4 foizdan 53 foizga yetkazish uchun barcha tadbirlar belgilangan.

Videomuloqotda davlatimiz rahbari qarori o’z vaqtida va sifatli ijro etish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish borasidagi vazifalarga alohida e'tibor qaratildi. Bunda mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining shaxsan mas'ulligi qayd etib o’tildi.

 

Farg’ona viloyati hokimligi Axborot xizmati.

Tugmani bosing Tinglash