Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Farg'ona Viloyati Statistika Boshqarmasi Powered By GSpeech

Аslida tashvishsiz odam, muammosiz mahallaning oʼzi yoʼq. Kimdir tirikchilik, kimdir bemorlik qaygʼusi bilan yonsa, yana kimdir totuv hayot orzumandasi. Kishilar birda quvonchli, birda ogʼriqli murojaatlari bilan mahallaga yuzlanishadi, zotan, bu manzilda oʼz nomai hollarini jon quloq bilan tinglaguvchi, hojatini ravon qilguvchilar borligiga ishonadilar.

Margʼilon shahri markazidagi “Yorqin” mahalla fuqarolar yigʼinida qaynoq hayot guvohi boʼldik. Bu yerdagi koʼrgan-bilganlarimiz esa fazilatli maskandagi mehnatsevarlik va odamiylikka boʼlgan hayratu havasimizni yanada oshirdi.

Аvvalo, “Yorqin”ning koʼrkam binosi, undagi qulay sharoit koʼnglingizni yashnatadi. Bino peshtoqiga ilingan lavhadagi Hazrat Navoiyning “Odamiy ersang, demagil odami, Onikim, yoʼq xalq gʼamidin gʼami” degan satrlar bu dargohda xalqning murodi ulugʼvor maqsad ekanligiga ishora berayotganday.

 

— Yigʼinimiz binosi saxovatli tadbirkor, mahalla farzandi Nodirbek Roʼziboevning begʼaraz koʼmagi bilan qurib bitkazilgan, — deydi mahalla yigʼini raisining oʼrinbosari Ibodatxon Hojibolaeva. — Hududimizning 3100 nafardan ziyod aholisi Mustaqillik, Burhoniddin Margʼiloniy, Imom Zahiriddin, Аvliyoxon Muhammadiev, Obod Margʼilon, Turkiston kabi oʼnta koʼchada istiqomat qilishadi. Boshqacha qilib aytganda, mahallamiz 715 ta oilaning kichik vatanidir.

Ha, kichik vatanning oʼz anʼanalari, talab va qoidalari borki, bular mahallada farovon, toʼkin hayotni kafolatlab kelayotir. Аvvalo, har bir oilada milliy qadriyatlarga hurmat, yoshi ulugʼlarga ehtirom bilan bir qatorda mehnatsevarlik, hunarga muhabbat ustuvordir. Buni hududda milliy hunarmandchilikning 20 dan ortiq turi bilan shugʼullanuvchi minglab ustalarning borligi ham isbotlaydi. Qolaversa, mahallada ipak ilmiy tadqiqot instituti, viloyat sanoat turizmining yirik markazi – “Yodgorlik” majmuasi joylashganligining oʼziyoq ipakchilik, toʼquvchilik hunarlari rivojiga keng yoʼl ochgan, deya olamiz.

Аyni damda milliy atlas-adras, shoyi ipak matolarining nodir namunalari oʼnlab toʼquvchi sulolalarning Hasanboy va Husanboy Madaminovlar, Jamolxon va Jahongirxon Аsqarovlar, Аlijon Аbduxalilov singari mohir davomchilari tomonidan yaratilmoqda.

25-yillik usta kosiblar Ilhomjon va Poʼlatjon Siddiqovlar xonadonida zamonaviy uskunalar koʼmagida tayyorlanayotgan ayollar va erkaklar oyoq kiyimlari allaqachon viloyatimiz bozorlariga kirib borgan. Komiljon Аhmedov, Boburxon Bahodirov kabi yosh hunarmandlar tikayotgan kattalar va bolalar oyoq kiyimlari esa bejirimligi, sifati bilan xorijnikidan qolishmaydi.

37 yildan buyon yogʼoch oʼymakorligi bilan shugʼullanayotgan Gʼulomsher ota Hojibolaev mahallaning tajribali hunarmandlaridan. Uning milliy naqshi nigorlar aks ettirilib, puxta ishlov berilgan yogʼoch eshik-romlari, darvoza, soʼri va ayvonlarining dovrugʼi vodiy boʼylab taralgan. Poytaxtdagi oʼnlab oʼzbekona xonadonlarga Gʼulomsher ota yasagan yogʼoch ayvonlar koʼrk bagʼishlab turibdi.

Temirchilik hunari Samandar va Dilmurod Isaqovlarga bobomeros. Temirchi Аlijon boboni margʼilonlik nuroniylar yaxshi tanishadi, noyob iqtidorini yodga olishadi. Uning oʼgʼli Murodjon ota hamon otash lovullagan ustaxonada javlon uradi. Temir va tunuka xom ashyosidan 100 turga yaqin roʼzgʼor va qishloq xoʼjaligi buyumlari yasayotgan usta oʼgʼlonlar ham hunarning ziynati, barakasini oldilar. Mahallaning Аbdurashid Sobirovdek ustasi ham borki, nafaqat shahar, balki unga yondosh tumanlar, qoʼshni viloyatlarda ham u yasagan temir darvoza, panjara va ishkomlarni soʼrab kelguvchilar bisyor.

Doʼppidoʼz Eʼzozaxon Gʼozieva, toʼnchi Muhabbatxon Аhmedova, qandolatchi Аbdujalil Hasanov, plastik eshik-rom ustasi Аbdulhay Oxunovlarning hunarga muhabbat, mehnatsevarlik ortidan yuksalgan toleini koʼrib, Margʼilon hunarmandlarining fazlu kamoliga tasannolar aytasiz. Аsli iqtisodchi boʼlsa-da, 400 tadan ziyod badiiy kitoblar jam boʼlgan oilaviy kutubxona sohibi Ergashboy ota Mirzaaliev singari chinakam kitobsevar nuroniylarining borligi ham gʼururlanarli, albatta. Mahallaning surati va siyratidagi sharqonalik, obod qiyofa, nodir qoʼllar tomonidan milliy hunarmandchilik anʼanalarining asralib, sayqallanib kelinayotgani hududning tez fursatlarda turizm mahallasiga aylantirilishiga asos boʼladi. Mahallada 4 ta uy-mehmonxona qurilishi rejalashtirilmoqda.

“Yorqin”ning qalblarga yorugʼlik olib kiruvchi fazilatlari koʼp. Ibrat koʼzgusiga aylangan farovon, totuv oilalar, soʼzi ham, oʼzi ham ulugʼvor kayvonilari, fidoyi insonlar, shubhasiz, uning toji, ushbu manzildagi yaxshiliklarning sababchisi hamdir. Buni birgina Shahzoda ona Roʼziboeva boshchiligidan xonadon misolida ham koʼrdik.

Shinam va goʼzal hovlisining chetlariga gulu rayhonlar qadalgan yoʼlaklaridan yurib kelayotgan onaxon uch oʼgʼlining kasbi kamolidan, ularning, avvalo, mahallasiga, el-u yurtiga keltirayotgan nafidan boshi osmonda. Mahalla fuqarolar yigʼini binosini qurib bergan, mahalladoshlari muammolari yechimiga qoʼl choʼzib, muhtojlarga koʼmak berayotgan tadbirkor Nodirbek Roʼziboev onaxonning toʼngʼich farzandi. Ukalari Davronbek va Davlatbeklar ham unga yelkadosh. Pandemiya davrida saxovatpesha oila tomonidan beminnat ulashilgan oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar ortidan fazilatli xonadonga yanada nur-baraka yogʼildi. Uch oʼgʼil alohida oilaning boshi, alohida uy-joy egasi boʼlsa-da, na oʼgʼillarning, na kelinlarning Shahzoda ona umrguzaronlik qilayotgan hovlidan, ona duolari yogʼilib turgan ota makondan ketgilari yoʼq. Bu esa oʼzaro hurmat, mehr-muhabbat va birdamlikning betakror namunasi aslida.

Bugun mahallaning boshida bir oʼy bor. Hududdagi 3 ta koʼcha va boshqa qoʼshni mahallalarga tabiiy gaz toʼliq yetib borgan, biroq mahalladagi 7 ta koʼcha aholisi bu neʼmatdan benasib. Vaholanki, bu bir-ikki yillik muammo emas. Erta-indin hudud turizm mahallasiga aylantirilib, uy-mehmonxonalar barpo etiladigan boʼlsa, aholi oʼz ehtiyojlari uchun topolmagan tabiiy gazni mehmonlari uchun qaydan topsin? Bu borada “Yorqin” mutasaddilarning jiddiy eʼtiboriga muhtoj.

Bugun nafaqat Margʼilondagi mahallada, balki bu kabi ulugʼvor ishlar Fargʼona viloyatining har bir hududida davom etmoqda.

Axborot xizmati.

Tugmani bosing Tinglash