Joriy yilning 19-iyun kuni Yozyovon tumanida statistika hisobotlarini topshirishga mas’ul xodimlar ishtirokida navbatdagi o‘quv-seminar tashkil etildi. Tadbirda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti A. Nurmatov ishtirok etib, huquqiy sohadagi dolzarb yangiliklar yuzasidan ma’ruza qildi.

Seminarda joriy yil 8-iyunda qabul qilingan 106-son Farmon mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Mazkur hujjatga muvofiq, sud apparati xodimlari o‘rtasida korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va tartibga solish maqsadida Komplayens nazorat xizmati tashkil etilganligi, shuningdek, xizmat rahbarini tayinlash tartibi, xodimlarga qo‘yiladigan malaka talablari hamda vakant lavozimlarni raqamlashtirilgan tizim orqali tanlash imkoniyatlarini yaratadigan “vacancy.sud.uz” portali va “SudHR” elektron platformasini joriy etish masalalari haqida ma’lumot berildi. Seminarda soliq tizimida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qabul qilingan 227-son Qarorning asosiy yo‘nalishlari ham muhokama qilindi. Qarorga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab soliq yo‘nalishidagi bakalavriat ta’limi, 2027/2028 o‘quv yilidan esa magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari yo‘lga qo‘yilishi haqida so‘z yuritildi. Bundan tashqari, soliq organlari xodimlarining malakasini muntazam oshirish, yangi ishga qabul qilingan xodimlarni maxsus moslashuv kurslari orqali tayyorlash hamda yoshlar o‘rtasida “Soliq bilimdonlari” ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazish bo‘yicha belgilangan vazifalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

O‘quv-seminar yakunida ishtirokchilar “Korrupsiyaga qarshi kurash – davr talabi” mavzusidagi ma’ruzani tinglab, sohaga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.


 
Axborot xizmati.