Huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda xodimlarning amaldagi qonunchilikdagi o‘zgarishlardan xabardorligini oshirish maqsadida Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasida muntazam ravishda o‘quv-seminarlari tashkil etib kelinmoqda.

Joriy yilning 10-iyul kuni o‘tkazilgan navbatdagi o‘quv-seminarda boshqarma bosh yuriskonsulti A. Nurmatov ishtirok etib, so‘nggi kunlarda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil ma’ruza qildi.

Seminar davomida, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-iyuldagi “Davlat auditi faoliyatida sun’iy intellekt va raqamlashtirishni yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–123-son Farmoni mazmuni atroflicha tushuntirildi.

Ta’kidlanganidek, 2027-yildan boshlab Hisob palatasi faoliyatida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish samaradorligini baholash auditi, masofaviy tashqi audit hamda xavf (risk) tahliliga asoslangan axborot texnologiyalari auditi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Shuningdek, Hisob palatasi davlat organlari va tashkilotlarida moliyaviy, muvofiqlik hamda samaradorlik auditi yo‘nalishlarida axborot texnologiyalari auditini amalga oshiruvchi vakolatli organ etib belgilanganligi qayd etildi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyuldagi “Raqamli hukumat” tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–257-son qarorining asosiy yo‘nalishlari ham muhokama qilindi.

Qarorga muvofiq, 2028-yil yakuniga qadar davlat organlarining kamida 5 mingta ma’muriy funksiyasini raqamlashtirish, davlat axborot tizimlarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish xarajatlarini kamida 30 foizga qisqartirish, shuningdek, davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish belgilangan.

Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlarida ichki hujjat aylanishi, qarorlarni qabul qilish va kelishish jarayonlari hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish ishlari Yagona integratsiyalashgan raqamli platforma orqali elektron shaklda amalga oshirilishi, axborot tizimlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvida Open API tamoyili keng qo‘llanilishi haqida ma’lumot berildi.

O‘quv-seminarda yana bir muhim yangilik — sobiq davlat xizmatchilarini ishga qabul qilishda korrupsiyaga qarshi xulosa olish tartibi bilan tanishtirildi. Qayd etilganidek, Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 8-iyul kuni 3894-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan idoraviy hujjat “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mazkur tartibga ko‘ra, sobiq davlat xizmatchisini ishga qabul qilishdan oldin tashkilotning kadrlar bo‘linmasi ichki nazorat bo‘linmasiga murojaat qiladi. Ichki nazorat bo‘linmasi o‘rganish natijasiga ko‘ra ijobiy, cheklovli ijobiy yoki salbiy xulosa beradi. Salbiy xulosa mavjud bo‘lsa yoki umuman xulosa olinmagan taqdirda nomzodni ishga qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi hamda qonunchilikdagi yangiliklarni amaliy faoliyatda to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar bildirildi. Bunday o‘quv-seminarlar xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, korrupsiyaning oldini olish va davlat boshqaruvida zamonaviy raqamli texnologiyalarni samarali joriy etishga xizmat qilmoqda.