Joriy yilning 17-iyul kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasida xodimlar ishtirokida navbatdagi seminar tashkil etildi. Seminarda boshqarma bosh yuriskonsult A. Nurmatov hafta davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmuni yuzasidan ma’ruza qildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 7-iyuldagi PQ–252-son qaroriga muvofiq urbanizatsiya va uy-joy qurilishi sohasidagi islohotlar, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tartibini takomillashtirish, master rejalarning yagona elektron reyestrini yuritish hamda qurilish jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha joriy etilayotgan yangiliklar tushuntirildi. Shuningdek, 2026-yil 1-oktyabrdan qurilishni boshlash uchun yagona identifikator talab etilishi va ro‘yxatdan o‘tkazilmagan master rejalar asosida faoliyat yuritishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Prezidentning 2026-yil 15-iyuldagi PQ–265-son qarori asosida mulkiy huquqlarni rasmiylashtirish va davlat xizmatlarini takomillashtirishga oid yangiliklar muhokama qilindi. Jumladan, ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi tartiblari, kechiktirilgan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov mexanizmi, meros yoki hadya tariqasida olingan turar joylarni sotishdan olinadigan daromadni soliqqa tortish tartibi hamda taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joylarda ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha belgilangan yangi qoidalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Seminar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmuni bilan ham xodimlar tanishtirildi.



Axborot xizmati