Joriy yilning 7-avgust kuni Farg‘ona shahridagi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida yangi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda huquqiy madaniyatni oshirish maqsadida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda shahar hokimi o‘rinbosari D. Xolmatova, Adliya bo‘limi Yuridik markazi rahbari Q. G‘iyosov, mahalla yettiligi vakillari hamda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti A. Nurmatov ishtirok etdi.

Davra suhbatida hafta davomida qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish, odam savdosidan jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash, boshpanasiz shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga oid hujjatlarning mazmuni tushuntirildi.

Xususan, 146-son Farmon asosida odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha mexanizmlar joriy etilishi, PQ-288-son qaror bilan boshpanasiz shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi qayd etildi.
Shuningdek, 292-son qarorga muvofiq, 2026-yil 1-sentabrdan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb etishda “oilabay” ishlash tizimi joriy etilishi haqida ma’lumot berildi.

Tadbir yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik talablari, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda huquqiy savodxonlikni oshirish masalalari yuzasidan ishtirokchilarga batafsil tushuntirishlar berildi.