Joriy yilning 14-avgust kuni Farg‘ona shahar buxgalteriya markazida statistik hisobotlarni topshirishga mas’ul xodimlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti A. Nurmatov yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlari va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

O‘RQ-1165-son Qonun

Mazkur Qonun bilan fuqarolar va tadbirkorlarning iqtisodiy hamda ma’muriy sudlarga murojaat qilishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, ma’muriy sud ishlarini yuritishda dastlabki eshituv instituti joriy etiladi. Shuningdek, sud ishlarini ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan normalar belgilandi.

O‘RQ-1166-son Konstitutsiyaviy Qonun

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi mazkur Qonun bilan Prezident Administratsiyasining maqomi, vazifalari va faoliyatining huquqiy asoslari belgilandi.

Administratsiya Prezident faoliyatini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydi hamda davlat hokimiyati organlarining hamkorligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

PF-160-son Farmon

Prezidentning mazkur Farmoni bilan “Odil sudlov – 2030” strategiyasi tasdiqlandi.

Strategiyaning asosiy maqsadi — inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan, xalqchil va adolatli sud tizimini shakllantirish.

Farmonga ko‘ra, 2027-yil 1-iyuldan hududlararo sudlar tashkil etiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish

Seminarda, shuningdek, “Statistik hisobotlarni topshirish jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish chora-tadbirlari” mavzusida ma’ruza tinglandi.

Unda hisobotlarni topshirishda qonunchilik talablariga rioya qilish, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bunday tadbirlar xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish va xizmat faoliyatida qonuniylik tamoyillariga rioya qilishini ta’minlashga xizmat qiladi.