Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasida huquqiy bilim va huquqiy madaniyatni oshirishga qaratilgan o‘quv-seminari o‘tkazildi.

Joriy yilning 28-avgust kuni boshqarma hamda shahar va tuman statistika bo‘limlari rahbarlari va xodimlari ishtirokida tashkil etilgan seminarda so‘nggi kunlarda qabul qilingan muhim qonunchilik hujjatlari va qarorlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Tadbirda boshqarma bosh yuriskonsulti A. Nurmatov tomonidan quyidagi huquqiy yangiliklar yuzasidan ma’lumotlar berildi:

1166-son — “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning asosiy mazmuni;

1169-son — “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida”gi Qonun hamda Markaz hududida amal qiladigan maxsus huquqiy rejim;

298-son — mamlakatda kichik va mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan yangi vazifalar.

Xususan, kichik va mikro GESlarni loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilishda atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ijtimoiy talablarni inobatga olish muhimligi ta’kidlandi.

Seminar yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda barchaning faol ishtiroki muhimligi haqida ma’ruza tinglandi.

Unda qonuniylik, halollik va mas’uliyat tamoyillariga qat’iy rioya qilish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Huquqiy bilim — qonunni bilish, huquqiy madaniyat esa unga amal qilishdir!