Qo‘shtepa tumanida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va faollari ishtirokida huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan navbatdagi o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti A. Nurmatov ishtirok etib, so‘nggi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, ularda belgilangan vazifalar hamda amaliy ahamiyati yuzasidan tushuntirishlar berdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026- yil 10- sentabrdagi “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash hamda ro‘yxatga olish ma’lumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–190-son Farmoni mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Statistika tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, statistik ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash hamda ro‘yxatga olish tadbirlarini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan ma’lumot berildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-oktabrdagi PF-213-son Farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etilganligi, mazkur Farmonga ko‘ra, maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni yagona boshqaruv tizimiga birlashtirilganligi, islohotdan asosiy maqsad mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat ekanligi haqida ma’lumot berildi.
Seminar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, shuningdek, xodimlarning huquqiy madaniyati va mas’uliyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.




