22/01/2024

Joriy yilning 19-yanvar kuni Toshloq tumani hokimligida Oila va xotin- qizlar bo‘limi hamda tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining xotin-qizlar faollari  ishtirokida “Jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashamiz” mavzusida seminar tashkil etildi. Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti A.Nurmatov ishtirok etdi. U o‘z so‘zida mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq korrupsiya illatiga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazishi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtirishi, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib kelalishi, korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma’muriy munosabatlari ma’no-mohiyatini o‘zgartirishi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarga olib kelishi, korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’ul ekanligi haqida ma’ruza qildi.

Bundan tashqari jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, bu borada nafaqat mas’ul idoralar, balki keng jamoatchilik ham hamjihat va hamfikr bo‘lmog‘i, qayerdadir ta’magirlik, poraxo‘rlik holatlariga duch kelsak, har birimiz bu noxush hodisaga nisbatan befarq bo‘lmasligimiz, loqaydlik qilmasligimiz, aksincha, korrupsiya illatini tag tomiri bilan quritishga qaratilgan sa’y-harakatlarni vijdonan bajarish, adolatsizlikka nisbatan murosasiz bo‘lishni o‘zimizdan boshlashimiz kerakligi tushuntirildi.

 Kun tartibidagi ikkinchi masala bo‘yicha ma’ruzachi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvar kungi “O‘zbekiston Respublikasida ekologik turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-21-son Qarorini mazmun – mohiyati va ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. U xususan, davlat qo‘riqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bog‘lari, pitomniklar, o‘rmon va o‘rmon-ov xo‘jaliklari, tog‘li va cho‘l hududlari hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan yer uchastkalarini kompleks turizm xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan holda turistik klasterlar tashkil etish uchun tadbirkorlarga ajratidshi, ekohududlarda joylashgan yer uchastkalari ularning toifasi o‘zgartirilmagan holda turistik klasterlar tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga  “E-auksion” orqali faoliyat ko‘rsatish muddatini keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 10 yil muddatga ijaraga berilishi, 2024-yil 1-sentyabrgacha “Tabiatga sayohat” elektron platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushirilishi, 2027-yil 1-yanvargacha: cho‘l hududlarida rekreatsion turistik xizmatlarni ko‘rsatuvchi kurort zonalarini (toifali mehmonxonalar, SPA-mehmonxonalar, sanatoriy va pansionatlar) tashkil qilgan tadbirkorlar 3 yil davomida foyda solig‘ini va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini ushbu soliqlar bo‘yicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashi, cho‘l hududlarida tematik xiyobonlarni tashkil qilgan yuridik shaxslar tematik xiyobonlar foydalanishga topshirilgan kundan e’tiboran 3 yil davomida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini ushbu soliqlar bo‘yicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lanishi haqida keng va atroflicha tushuncha berdi.