05/02/2024

Joriy yilning 5-fevral kuni media-rejaga asosan O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 11-avgustdagi “Rasmiy statistika to‘g‘risida” gi O‘RQ-707-son qonunining mazmun va mohiyatini tushuntirish bo‘yicha  Farg‘ona davlat universitetinin “Iqtisodiyot” fakulteti talabalari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbirda viloyat statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti A.Nurmatov so‘z olib, u ishtirokchilarga taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ygan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan munosib e’tirof etilayotganligi, islohotlarning qay darajada natijadorligi esa statistik raqamlar orqali baholanishi, statistika sohasining bugungi kun talablariga mos bo‘lishi, bu jarayonda yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 11-avgustdagi “Rasmiy statistika to‘g‘risida” gi O‘RQ-707-son qonuni alohida o‘rin tutishi haqida to‘xtalib o‘tdi. Statistikani yuritish sohasidagi xalqaro tajribadan kelib chiqib, qonunda “Rasmiy statistika” tushunchasi kiritilligi, amaldagi “davlat statistikasi” tushunchasi o‘rniga “rasmiy statistika” tushunchasining qo‘llanilishi orqali rasmiy statistikaning qamrov doirasi, uning sifatiga talablar hamda foydalanuvchilarga taqdim etilayotgan axborotlarning huquqiy maqomi huquqiy belgilanganligi haqida gapirib o‘tdi.

Xususan, davlat statistikasi faqat statistika organlari tomonidan shakllantirilgan ma’lumotlarni nazarda tutgan bo‘lsa, rasmiy statistika — mamlakatdagi barcha tayyorlovchilar tomonidan ushbu qonunga muvofiq shakllantiriladigan va tarqatiladigan statistik ma’lumotlarni bildiradi. Ushbu qonun qoidalariga mos kelmaydigan statistika rasmiy statistika sifatida qabul qilinmasligi belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari qonunga muvofiq:

- rasmiy statistika — qonun doirasida tayyorlanadigan, tarqatiladigan va muvofiqlashtiriladigan statistik ma’lumotlarni bildirsa, milliy statistika tizimi — ushbu ma’lumotlarni tayyorlovchi hamda tarqatuvchi vazirlik va idoralar jamlanmasini anglatadi;

- statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish va e’lon qilish jarayonlarida rasmiy statistika subyektlari — rasmiy statistikani tayyorlovchilar, respondentlar, ma’muriy ma’lumotlarni yetkazib beruvchi idoralar hamda statistik ma’lumotlardan foydalanuvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarni qamrab oladi;

- rasmiy statistika sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda Vazirlar Mahkamasining rasmiy statistika sohasidagi vakolatlari belgilandi;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika Agentligi va boshqa rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika sohasidagi qonuniy faoliyatiga har qanday aralashuvlarga yo‘l qo‘yilmasligi, Davlat statistika Agentligining hududiy organlari mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqilligi va bevosita Agentlikka bo‘ysunishi mustahkamlab qo‘yildi;

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika Agentligiga milliy statistika tizimiga kiruvchi barcha rasmiy statistikani tayyorlovchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning statistik metodologiyalarini xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan auditdan o‘tkazish bilan bog‘liq vakolatlar berildi;

- statistik ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, shakllantirish va e’lon qilish borasida amalga oshiriladigan ishlarni belgilab beruvchi statistika dasturlari, uzoq yillik va yillik dasturlarni ishlab chiqish, kelishish, tasdiqlash va moliyalashtirish tartibi belgilab qo‘yildi;

- statistik ma’lumotlardan foydalanish qoidalari tartibga solinib, jumladan, ma’muriy, shaxsiy va maxfiy ma’lumotlardan foydalanish, ularni qayta ishlash va saqlashda axborot xavfsizligini hamda maxfiylikni ta’minlash qoidalari belgilandi Tadbir so‘ngida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.