09/02/2024

Joriy yilning 8-fevral kuni Farg‘ona shaharidagi 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabining pedagog va xodimlari ishtirokida hukumatimiz tomonidan yangi qabul qilingan qaror va qonunlarning mazmun va mohiyatini tushuntirish bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi. Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti A.Nurmatov kun tartibiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvar kunidagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5-son Qarorining  mazmun va mohiyati yuzasidan ma’ruza qildi. 

Xususan, ma’ruzachi o‘z so‘zida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish orqali aholi ongida shakllangan «suv — tekin» tushunchasidan voz kechish hamda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini kengaytirilgan tartibda joriy etishni davom ettirish, suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga suv yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlarni bekor qilish, suv xo‘jaligi vazirligining Quvasoy shahar irrigatsiya bo‘limlari hamda maxsus xizmatlari negizida «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasalarini  tashkil etish, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan Davlat budjetiga tushgan tushumning 40 foizini Suv yetkazib berish xizmatlari faoliyatini moliyalashtirish, ularning balansidagi obyektlarni saqlash va texnik holatini yaxshilash xarajatlariga yo‘naltirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilganligi haqida so‘z yurutdi. Shu bilan birga 2024-yildan boshlab Suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda har yili 25- martga qadar vegetatsiya davri uchun va 25- sentabrga qadar kuz-qish davri uchun suv manbalarining suvlilik darajasidan kelib chiqqan holda hududlar kesimida qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun suv olish limitlarini tasdiqlashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hamda hududiy qishloq xo‘jaligi boshqarmalari har yili 1 aprelga qadar vegetatsiya davri uchun va 1- oktabrga qadar kuz-qish davri uchun yakuniy iste’molchilar kesimida ekinlarni sug‘orish uchun suv olish limitlarini hududlar bo‘yicha tasdiqlangan limit doirasida ishlab chiqishi va tasdiqlash uchun xalq deputatlari tuman Kengashlariga kiritilishi, iste’mol qilingan suv miqdori hisobini yuritmagan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun suv solig‘i bazasi xalq deputatlari tuman Kengashlari tomonidan tasdiqlangan limitlarga nisbatan ikki barobar oshirilgan holda hisoblanishi, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga «suvkredit.uz» platformasi orqali 5 yil muddatga, shundan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada kreditlar ajratilishi, kredit ta’minotining 70 foizi sug‘urta kompaniyalarining kredit qaytmaslik xataridan sug‘urta polisi, 50 foizi esa «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ kafilligi asosida amalga oshirilishi, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar qishloq xo‘jaligi  mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga ushbu texnologiyalar joriy qilingan yilning o‘zida to‘liq miqdorda ajratilishi haqidagi ma’lumotlar ham berildi. Bundan tashqari seminar ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 11-avgust kunidagi Rasmiy statistika to‘g‘risidagi O‘RQ -707-son Qonunining mazmun va mohiyati ham tushuntirib o‘tildi.