Joriy yilning 4-aprel kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti A.Nurmatov qatnashib, kun tartibiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-apreldagi “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi PQ-132-son qarori hamda 2025-yil 2-apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-134-son Prezident qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan ma’ruza tinglandi. Xususan, “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarorda respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib 16 ta tuman (shahar)da sanoat ishlab chiqarishi hajmi o‘rtacha 7–8 foizga, bozor xizmatlari hajmi 15–17 foizga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi hajmi 4–5 foizga barqaror o‘sishini ta’minlash, ishsizlik darajasini 4–5 foizga, kambag‘allik darajasini 5–6 foizga pasaytirish, bunda Qo‘ng‘irot, Asaka, G’allaorol, Denov tumanlari hamda Marg‘ilon shahrini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish belgilanganligi, 2025-yil 1-iyulgacha tuman (shahar)larni jadal kompleks rivojlantirish dasturlari doirasidagi tuman (shahar)lar markazlarining ishlab chiqilganiga 10 yildan ortiq muddat bo‘lgan bosh rejalarini 3 ta toifadagi (renovatsiya, rekonstruksiya va konservatsiya) zonalarga ajratib, soddalashtirilgan tartibda hamda aholi va tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda yangilangan bosh reja loyihalari bilan yaqindan tanishtirildi. Shu bilan birga, “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorga muvofiq, 2025- yil 1- maydan 2027- yil 1- aprelgacha “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan, shuningdek, reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha – oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt soatgacha, tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib berilishi shu va ma’lumotlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Bundan tashqari “Korrupsiya: uning tarixiy ildizlari, korrupsiyaga qarshi kurash usullari” mavzusida ma’ruza tinglandi. Jumladan, korrupsiya –– bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazishi, inson huquqlari buzilishiga olib kelishi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilishi, hayot sifatini yomonlashtirishi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beruvchi omil ekanligi, korrupsiyaning tarixiy o‘zaklari juda qadimga borib taqalishi, bu hol qabilada ma’lum mavqega ega bo‘lish uchun qabila sardorlariga sovg‘alar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinishi, o‘sha davrlarda bu normal holat sifatida qabul qilinganligi, biroq davlat apparatining murakkablashuvi va markaziylashuvi korrupsiyaning davlat rivojlanishiga katta to‘siq ekanligi shu va boshqa ma’lumotlarga ham to‘xtalib o‘tildi.