O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabr kuni “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 173-sonli Farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlari 2026- yil 15- yanvardan 28- fevralga qadar o‘tkaziladi. Bu jarayon mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini strategik rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ro‘yxatga olish orqali 38 million aholining yoshi, oilaviy holati, ta’lim darajasi, migratsiya jarayonlari, ish bilan bandligi va daromad manbalari haqida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanadi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik ko‘rsatkichlari aniqlanadi.
Mazkur tadbir ikki bosqichda amalga oshiriladi. Avvalgi 17 kun davomida fuqarolar “census.stat.uz” portali orqali OneID tizimi yoki JShShIR (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami) yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Keyingi bosqichda esa “mahalla yettiligi” va boshqa faollar uyma-uy yurib ma’lumot to‘playdilar.
Hozirda joylarda tayyorgarlik ishlari izchil olib borilmoqda. Mahallalarda, maktablarda va ta’lim muassasalarida aholiga ro‘yxat olish tadbirining mazmun-mohiyati va maqsadlari haqida tushuntirishlar berilmoqda.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad yig‘ilgan ma’lumotlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish dasturlari uchun asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini baholash, xalqaro reytinglarda mamlakatimizning o‘rnini yuksaltirish, xorijiy investorlarni jalb qilish va turizm salohiyatini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Boburxon Ahadjonov,
Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish
va o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi.