Ushbu Qonunning maqsadi normativ-huquqiy hujjatlar tushunchasini, turlarini, ushbu hujjatlarning o‘zaro yuridik kuchi va nisbatini belgilashdan, shuningdek ularni rejalashtirish, tashabbus qilish, tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish, kelishish, qabul qilish, eʼlon qilish, ularning ijrosini tashkil etishni taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining turlari va o‘zaro nisbati, normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash tartibiga hamda ularning mazmuniga qo‘yiladigan asosiy talablar va ijrosini tashkil etishni taʼminlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunchiligi bilan ham belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish, eʼlon qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va saqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida»gi Qonuni bilan belgilanadi.
Normativ-huquqiy hujjat qonunchilikka muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar yoki mansabdor shaxslardir (bundan buyon matnda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar deb yuritiladi).
Fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi Qonunida belgilangan tartibda o‘tkaziladigan referendum yo‘li bilan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishi mumkin.
Ushbu Qonunning asosiy printsiplari quyidagilardan iborat:
konstitutsiyaviylik;
qonuniylik;
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ustuvorligi;
oshkoralik;
ilmiylik;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning tizimliligi va kompleksliligi;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning barqarorligi.