Aholini ro‘yxatga olish sohasini davlat tomonidan tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘z vakolatlariga muvofiq amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 16-martdagi “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘RQ- 611-sonli qonunining 13-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aholini ro‘yxatga olish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish tartibini, aholini ro‘yxatga olish dasturini hamda ro‘yxatga olish varag‘ining shakllarini tasdiqlash, aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlaridan foydalanish tartibini belgilash, davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining aholini ro‘yxatga olish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, aholini ro‘yxatga olishga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish va ularga haq to‘lash tartibini belgilash kabi vakolatlariga egadir.
O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 16-martdagi “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘RQ- 611-sonli qonunining 14-moddasiga asosan O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlar o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishini ta’minlash, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlar jarayonining muvofiqlashtirilishi va monitoringini amalga oshirish, aholini ro‘yxatga olish natijalarining tahlilini o‘tkazish, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni moliyalashtirish, aholini ro‘yxatga olish materiallariga ishlov berishni tashkil etish va uning yakuniy natijalarini e’lon qilish masalalariga doir takliflarni ko‘rib chiqish, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning ishiga haq to‘lash masalalarini hal qilgan holda jalb etishni tashkil etish, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi kabi vakolatlari belgilab soqblgan.
O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika Agentligi O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasining ishchi organi hisoblanadi. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika Agentligi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblaniladi. Aholini ro‘yxatga olish jarayonlarini sifatli va yuqori saviyada o‘tkazilishida mazkur qonunining 15-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika Agentligining aholini ro‘yxatga olish sohasida quyidagi vakolatlari mavjud:
-ro‘yxatga olish hujjatlari shakllarini, ro‘yxatga oluvchi xodimlar guvohnomasi shaklini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
-aholini ro‘yxatga olish dasturini va ro‘yxatga olish varag‘ining shakllarini ishlab chiqadi;
-ro‘yxatga olish varaqlari tayyorlanishini va hududlarga yetkazilishini ta’minlaydi;
-aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida aholini xabardor qilishga doir ishlarni muvofiqlashtiradi;
-ro‘yxatga oluvchi xodimlarni tanlab olish va o‘qitish tartibini, shuningdek shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish tartibini belgilaydi va ularga ishlov berishni amalga oshiradi;
ro‘yxatga olish varaqlari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlarining saqlanishi (shu jumladan vaqtincha saqlanishi), yo‘q qilinishi tartibini belgilaydi;
ro‘yxatga olish varaqlari va boshqa aholini ro‘yxatga olish hujjatlarini saqlash va yo‘q qilishni ta’minlaydi.
Shu bilan birga mazkur tadbirga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida targ‘ibot va tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 16-martdagi O‘RQ-611-sonli qonunining mazmun va mohiyatini keng jamoratchilikka tushuntirishda shahar va tuman hokimliklarning o‘rni kattadir.
Shahar va tuman hokimliklarning aholini ro‘yxatga olish sohasidagi vakolatlari nimalardan iborat? Mazkur qonunning 16-moddasiga asosan mahalliy davlat hokimiyati organlari aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalarni tuzadi, ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olgan holda aholi punktlarida doimiy yashovchi aholi sonini ko‘rsatgan holda ushbu punktlarning to‘liq ro‘yxati tuzilishini, ma’muriy-hududiy birliklarda ko‘chalarning nomlari, uylar va xonadonlarning raqamlari ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlar bo‘lishini ta’minlashi, jalb etilgan ro‘yxatga oluvchi xodimlar tarkibini tasdiqlashi, ro‘yxatga oluvchi xodimlarni tanlab olish va o‘qitishni tashkil etishi, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish doirasidagi ishlarni bajarishga jalb etiladigan shaxslarning o‘qishi va ishlashi uchun yaroqli mebel hamda aloqa vositalari bilan jihozlangan vaqtinchalik xonalar, shuningdek zarur transport vositalari berilishini ta’minlash, ro‘yxatga olish varaqlarini va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlarini vaqtincha saqlash uchun qo‘riqlanadigan xonalar ajratish yuzasidan choralar ko‘rish, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarning muvofiqlashtirilishini tashkil etishi kabi vakolatlariga egadir.
Mamalakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, aholi to‘g‘risida to‘la va ishonchli maʼlumotga ega bo‘lish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 16-martdagi “Аholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘RQ- 611-sonli qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunga asosan aholini ro‘yxatga olish jarayoni davriylik - aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkazilishi, umumiylik va bir paytdalik - aholini ro‘yxatga olishning yagona belgilangan sanasida shaxsga doir maʼlumotlarni barcha respondentlardan yig‘ish O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida bir paytning o‘zida amalga oshiriladi, ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi - shaxsga doir maʼlumotlar yig‘ilayotganda ro‘yxatga olish varag‘i har bir respondent uchun yakka tartibda to‘ldiriladi, shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi - aholini ro‘yxatga olishning shaxsga doir maʼlumotlari maxfiy bo‘lib, respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi, aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi – O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish aholini ro‘yxatga olishni yagona boshqaruv tizimini yaratish asosida markazlashtirilgan holda amalga oshirilishi kabi tamoyillariga tayanadi. Bundan tashqari mazkur qonunning 3-moddasiga asosan aholini ro‘yxatga olish — O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni, aholini ro‘yxatga olish sanasi — aholi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yig‘ish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat), respondentlar — aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, ro‘yxatga olish varag‘i — ko‘rsatilgan savollar bo‘yicha shaxsga doir maʼlumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka, ro‘yxatga olish hujjatlari — aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui, ro‘yxatga oluvchi xodimlar — O‘zbekiston Respublikasining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rishga va uni o‘tkazishga jalb etilgan, maxsus o‘quvdan o‘tgan voyaga yetgan fuqarolari , uy xo‘jaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, oʼzini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan taʼminlaydigan, umumiy xoʼjalik yuritadigan, pul mablagʼlarini toʼliq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yig‘indisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin. Uy xo‘jaligi bitta shaxsdan iborat bo‘lishi mumkin kabi asosiy tushunchalardan iboratdir.
Alisher Abdurazakov,
“Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va uni o‘tkazish” bo‘limi boshlig‘i.