Hammamizga ma’lum joriy yilning 11- sentabr kuni aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarini samarali tashkil etishga oid takliflar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mamlakatni rivojlantirish istiqbollarini belgilashda aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, yashash darajasi va farovonligi, qishloq xo‘jaligi holatini aniqlashda ro‘yxatga olish tadbiri muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlari 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o‘tkaziladi. Uning dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Mazkur usul orqali xarajatlar sezilarli qisqarib, 1,3 trillion so‘m mablag‘ tejaladi. Shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonlari oddiy va shaffof tarzda tashkil etiladi. Savollarning soni avval rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga qisqartirildi.
Ro‘yxatga olish natijasida Yevropa statistiklar konferensiyasining 2020 yildagi tavsiyalari asosida 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.
Mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holati, chorva mollari va parrandalar soni aniqlanadi. Bu orqali qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilayotgan yillik 25,6 trillion so‘m, jumladan, 2,2 trillion so‘m budjet mablag‘larining samaradorligi, sohadagi xizmatlar hajmi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur ma’lumotlar to‘plami yaratilishi ko‘zda tutilmoqda