15/06/2026

Joriy yilning 12- iyun kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF-103-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 777-son qarorining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Shuningdek, “Korrupsiyaga qarshi kurash – davlat va jamiyat rivojlanishida muhim omil” mavzusida ma’ruza qilindi.

Ta’kidlanganidek, PF-103-son Farmon bilan madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, ijodiy birlashmalar tashkil etilib, iste’dodli ijodkorlarni rag‘batlantirish, yoshlarni san’atga keng jalb etish va milliy madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha qator imtiyozlar belgilandi. Shuningdek, “Ijodga investitsiya” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilib, istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbir davomida “Davlat sirlari to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan 777-son qarorning ahamiyati ham tushuntirildi. Mazkur hujjat davlat sirlaridan xabardor bo‘lgan shaxslarning huquq va majburiyatlari, shuningdek, maxfiy ma’lumotlarni himoya qilish tartiblarini belgilaydi.

Ma’ruzada korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, bu borada “komplayens-nazorat” tizimini takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, halollik tamoyillarini keng targ‘ib qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan mazkur hujjatlarning mazmun-mohiyati, ularning jamiyat taraqqiyoti, ma’naviy yuksalish hamda qonun ustuvorligini ta’minlashdagi ahamiyati yuzasidan fikr almashildi.