13/09/2023

Mamalakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, aholi to‘g‘risida to‘la va ishonchli maʼlumotga ega bo‘lish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 16-martdagi “Аholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘RQ- 611-sonli qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunga asosan aholini ro‘yxatga olish jarayoni davriylik - aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkazilishi, umumiylik va bir paytdalik - aholini ro‘yxatga olishning yagona belgilangan sanasida shaxsga doir maʼlumotlarni barcha respondentlardan yig‘ish O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida bir paytning o‘zida amalga oshiriladi, ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi - shaxsga doir maʼlumotlar yig‘ilayotganda ro‘yxatga olish varag‘i har bir respondent uchun yakka tartibda to‘ldiriladi, shaxsga doir maʼlumotlarning maxfiyligi - aholini ro‘yxatga olishning shaxsga doir maʼlumotlari maxfiy bo‘lib, respondentning roziligisiz oshkor etilmaydi va tarqatilmaydi, aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligi – O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish aholini ro‘yxatga olishni yagona boshqaruv tizimini yaratish asosida markazlashtirilgan holda amalga oshirilishi kabi tamoyillariga tayanadi. Bundan tashqari mazkur qonunning 3-moddasiga asosan aholini ro‘yxatga olish — O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni, aholini ro‘yxatga olish sanasi — aholi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni yig‘ish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat), respondentlar — aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar, Oʼzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, ro‘yxatga olish varag‘i — ko‘rsatilgan savollar bo‘yicha shaxsga doir maʼlumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka, ro‘yxatga olish hujjatlari — aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui, ro‘yxatga oluvchi xodimlar — O‘zbekiston Respublikasining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rishga va uni o‘tkazishga jalb etilgan, maxsus o‘quvdan o‘tgan voyaga yetgan fuqarolari , uy xo‘jaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, oʼzini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan taʼminlaydigan, umumiy xoʼjalik yuritadigan, pul mablagʼlarini toʼliq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yig‘indisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin. Uy xo‘jaligi bitta shaxsdan iborat bo‘lishi mumkin kabi asosiy tushunchalardan iboratdir.

  

Respondentlarning hamda ro‘yxatga oluvchi xodimlarning huquq va majburiyatlari

 

O‘zbekiston Respublikasida aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashda respondentlardan olingan to‘liq va ishonchli ma'lumotlar asos bo‘lib xizmat qiladi.

Respondentlar o‘zining shaxsga doir ma'lumotlari nima maqsadda yig‘ilayotganligini, ushbu ma'lumotlardan kim va qanday tarzda foydalanishini bilishi, o‘zi uchun to‘ldirilgan ro‘yxatga olish varaqlari bilan tanishib chiqishi, ro‘yxatga olish varaqlariga kiritilgan shaxsga doir ma'lumotlarning to‘liqligi va ishonchliligini aniqlashtirishi, ro‘yxatga oluvchi xodimlardan tegishli guvohnomani ko‘rsatishini talab qilish, rad etilgan taqdirda esa — ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob bermasligi, ro‘yxatga olish varag‘ining shakliga binoan shaxsga doir ishonchli ma'lumotlarni taqdim etish huquqiga ega. Respondentlar aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga monelik qilmasligi shart ekanligi mazkur qonunning 19-moddasida belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 16 martdagi “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘RQ-611-sonli qonunining 20-moddasiga asosan ro‘yxatga oluvchi xodimlarning ro‘yxatga olish varag‘iga binoan respondentlardan shaxsga doir ma'lumotlarni olishi, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni bajarganlik uchun mehnatiga haq olish huquqiga ega ekanligi, shaxsga doir ma'lumotlarni yig‘ishni boshlashdan oldin respondentga o‘z guvohnomasini ko‘rsatishi, o‘z vakolatlariga muvofiq ishlarni sifatli va belgilangan muddatlarda bajarishi, shaxsga doir ma'lumotlarni yig‘ish jarayonida Aholini ro‘yxatga olish dasturida belgilangan savollar ro‘yxatiga rioya etishi, ularning mazmuni buzilishiga yo‘l qo‘ymasligi, shaxsga doir ma'lumotlarning maxfiyligini ta'minlashi, ularning mazmunini oshkor qilmaslik kabi huquq va majburiyatlari mavjud.

Aholini ro‘yxatga olish dasturida qanday savollar o‘z aksini topgan?

O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 16-martdagi “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘RQ- 611-sonli qonunining 20-moddasiga asosan Aholini ro‘yxatga olish dasturida familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va joyi, yoshi, jinsi, millati, fuqaroligi, yashash joyi (turgan joyi), tillarni bilishi, ma'lumoti, nikoh holati, bolalarining soni, uy xo‘jaligi tarkibi, uy-joy sharoitlari, bandligi, yashash uchun mablag‘lar manbalari, migratsiya (ichki va tashqi). kabi savollar o‘z aksini topgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Aholini ro‘yxatga olish dasturiga qo‘shimcha ravishda boshqa savollar kiritilishi mumkin. Javoblari davlat sirlariga va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirga taalluqli axborotni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi savollar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ro‘yxatga olish varag‘ining shakllari Aholini ro‘yxatga olish dasturi asosida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Shaxsga doir ma'lumotlarni yig‘ish tartibi qanday amalga oshiriladi?

Shaxsga doir ma'lumotlarni yig‘ish mazkur qonunning 23- moddasida belgilab qo‘yilganidek - respondentlar yashaydigan (turadigan) turar joylarni va boshqa xonalarni aylanib chiqish chog‘ida yoxud mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ushbu maqsadlar uchun beriladigan xonalarda respondentlar so‘rovini o‘tkazish hamda ro‘yxatga olish varaqlarini to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.

Shaxsga doir ma'lumotlarni yig‘ish axborot xavfsizligini ta'minlash talablarini hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

Respondentlar so‘rovi davlat tilida o‘tkaziladi. Davlat tilini bilmaydigan respondentlar ona tilida yoki erkin ravishda tanlangan muloqot tilida so‘rovdan o‘tkazilishi mumkin.

Ro‘yxatga olish varaqlari ro‘yxatga oluvchi xodimlar tomonidan respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiriladi.

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddati ichida yashash (turgan) joyida hozir bo‘lmagan yoki voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma'lumotlar ular uy xo‘jaligining voyaga yetgan a'zolari tomonidan ma'lum qilinadi. O‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan shaxslar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma'lumotlar ularning vasiylari yoxud homiylari tomonidan ma'lum qilinadi.

Respondent ro‘yxatga olish varag‘idagi savollarga javob berishni rad etgan taqdirda ro‘yxatga olish varag‘i fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi mavjud ma'lumotlar asosida to‘ldiriladi.

Aholini ro‘yxatga olish dasturida nazarda tutilmagan savollar bo‘yicha shaxsga doir

ma'lumotlarni yig‘ish taqiqlanadi.

 

Marxaboxon Fazilova,

Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining

“Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va uni o‘tkazish”

bo‘limi yetakchi mutaxassisi.