01/12/2025

Joriy yilning 1-dekabr kuni Farg‘ona texnika universitetining o‘qituvchi va talabalari ishtirokida aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish yuzasidan o‘quv seminari tashkil etildi. Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sh. Zokirov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi farmonining mohiyati va mazmuni yuzasidan ma’ruza qildi. U xususan, aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, yashash darajasi va farovonligi, qishloq xo‘jaligi holati, tarkibi hamda aholini ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash istiqbollarini baholash tizimini yaratish uchun zarur ma’lumotlar bazalarini shakllantirish maqsadida O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra, 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar o‘tkazilishi, uning dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi, shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonlari oddiy va shaffof tarzda tashkil etilishi, savollarning soni 71 tati tashkil etishi haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, farmonda davlat organlari va tashkilotlari o‘z tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning census.stat.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tishi, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi shahar va tumandagi barcha o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari, shuningdek, davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallarida tahsil olayotgan talabalarning ro‘yxatdan o‘tishi hamda qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Farg‘ona viloyati fermerlari kengashi, shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda fermer xo‘jaliklari, yuridik shaxs tashkil etgan dehqon xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar va asosiy faoliyati qishloq xo‘jaligi bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanayotgan korxona va tashkilotlarning internet tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tishi belgilab qo‘yilganligi e’tirof etildi. Shundan so‘ng, ro‘yxatdan o‘tish qoidalari, savolnomadagi shakllarini to‘ldirish tartiblari haqida taqdimot yordamida ishtirokchilarga tushuntirildi hamda mashg‘ulotda har bir ishtirokchi o‘zi va oila a’zolarini kompyuter va telefon orqali test rejimida ishlayotgan platformaga ma’lumotlarni kiritish ishlarini amalga oshirdilar.

 


Axborot xizmati.