11/12/2023

 

O‘zbekiston Respublikasi aholisi va uning farovonligi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumot uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish Milliy maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun muhim poydevor hisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015-yil 10-iyundagi “2020-yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasiga tayanib, a’zo-davlatlarni 2020-yilda Butunjahon aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish dasturi doirasida aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishga taalluqli xalqaro va hududiy tavsiyalarni inobatga olgan holda kamida bir marta aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olishni o‘tkazishni qat’iy da’vat etadi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Aholi soniga, yosh-jins tarkibiga keskin ta’sir ko‘rsatgan o‘zgarishlar, respublika hududidagi aholi joylashuvi xususiyatlari va boshqa ijtimoiy-demografik o‘ziga xosliklar aholining joriy hisobiga oid mavjud ma’lumotlarni qo‘llashni sezilarli darajada cheklamoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2020-yilda Butunjahon aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish dasturini ko‘llab-quvvatlashini e’tiborga olgan holda, shuningdek, aholi sonining aniq hisoblab chiqilishini ta’minlash, aniq belgilab qo‘yilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti, hayot darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflash maqsadida O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga vakolatli organ hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirish, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini nazorat qilish, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni moliyalashtirish, materiallarni qayta ishlashni tashkil etish va yakuniy natijalarni e’lon qilish masalalari bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishda ishtirok etish uchun jismoniy va yuridik shaxslarni ularning mehnatiga haq to‘lash masalalarini hal qilgan holda jalb etishni tashkil etish, tashkilotlarni ularning mulkchilik shaklidan qat’i nazar aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarga, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirish va hamkorlik samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga jalb qilish masalalarini ko‘rib chiqish kabi asosiy vazifalari etib belgilandi.

Bundan tashqari aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha hududiy komissiyalari hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ishlarni aniq chora-tadbirlar va mas’ul ijrochilarni ko‘rsatgan holda tashkil etishi, hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan, shuningdek, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ hududiy bo‘linmalarini va bu jarayonga jalb qilingan boshqa tashkilotlarni moddiy-texnik ta’minlanganligini mustahkamlash masalalari bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi, hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha kompleks ishlar bajarilishini nazorat qilishi, hududlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etish hamda ishtirok etganlarni rag‘batlantirish kabi ustuvor vazifalar qo‘yilgan.

 Aholini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barcha aholiga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va e’lon qilishning yagona jarayonini o‘z ichiga olib, aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai hisoblanadi va u kelgusi 10 — 30 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi, hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha siyosiy va boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni olish imkonini beradi. U aholi sonini ishonchli hisoblash, shuningdek, aniq belgilab qo‘yilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflashning universal usulini ishga solgan holda rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.

 O‘zbekiston Respublikasi hududida yaxlit va xar bir ma’muriy-hududiy birlik bo‘yicha aniq bir vaqtda yashovchi shaxslarning turli tavsiflari to‘g‘risida xalqaro taqqoslana oladigan ishonchli, xolis va yaxlit ma’lumotlarni yagona statistik uslublar asosida yig‘ish aholini ro‘yxatga olishning maqsadi hisoblanadi.

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish aholi tarkibidagi global o‘zgarishlarni baholash, demografik siyosatni, aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun axborotlar bazasini kengaytirish, aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlar tayyorlash va indikativ rejalashtirish, milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini shakllantirish va uning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazish, aholini ro‘yxatga olish davrlari oralig‘ida aholi soni va tarkibining joriy hisobini yuritish, aholi sonining hisobi va prognozlarini amalga oshirish uchun statistik bazani yaratish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish kabi asosiy vazifalarni o‘z ichiga oladi.

Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha xalqaro tavsiyalar va xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ishlari uch bosqichni o‘z ichiga olib, ularning doirasida tadbirlar ham bosqichma-bosqich, ham bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishi belgilangan.

          Birinchi bosqichda (3 yilga yaqin davrda) aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish, o‘tkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, aholini ro‘yxatga olish dasturini, ro‘yxatga olish varaqalari blanklarini, aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilish metodologiyasini ishlab chiqish, sinov asosida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni tashkil etish, uning natijalarini tahlil qilish va uning asosida metodologik hujjatlarni takomillashtirish, xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish va aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejalarini tuzish, zamonaviy xaritalash texnologiyalaridan foydalangan holda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, uning o‘tkazilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish, axborot-tushuntirish ishlarini o‘tkazish, ro‘yxatga olish varaqalarini va boshqa hujjatlarni chop etish, moddiy-texnika ta’minoti vositalarini tayyorlash va (yoki) xarid qilish, shuningdek, ularni ro‘yxatga olish uchastkalariga yetkazish, ro‘yxatga olish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlash, ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlarni o‘qitish, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq boshqa ishlar amalga oshiriladi.

Ikkinchi bosqichda (10 kundan 60 kungacha bo‘lgan davrda) bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi.

Uchinchi bosqichda (2 yildan 3 yilgacha bo‘lgan davrda) aholini ro‘yxatga olishga doir birlamchi materiallarni ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan qabul qilib olish, aholini ro‘yxatga olish materiallarini avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashga tayyorlash, birlamchi ma’lumotlarni kiritish, kodlash, nazorat va tahrir qilish, aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha dastlabki natijalarni olish, aholini ro‘yxatga olish natijalarini e’lon qilish va tarqatish kabilar amalga oshiriladi.

Marxaboxom Fazilova,
"Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va uni o‘tkazish" bo‘limi
yetakchi mutaxassisi.