27/11/2026

Har yili 25- noyabr — Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kunidan 10- dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuniga qadar butun dunyo bo‘ylab «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faollik» global kampaniyasi o‘tkaziladi.

1991- yilda boshlangan mazkur xalqaro tashabbus xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash hamda jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan.

Mamlakatimizda ham xotin-qizlarni jismoniy, ruhiy, iqtisodiy, jinsiy va raqamli zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada statistika sohasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Gender statistikasi va zo‘ravonlikka oid ishonchli ma’lumotlar mavjud muammolarni aniqlash, ularning ko‘lamini baholash hamda samarali chora-tadbirlarni belgilashga xizmat qiladi.

Kampaniyaning ramziy rangi — to‘q sariq rang bo‘lib, u zo‘ravonlikdan xoli, yorug‘ va xavfsiz kelajakka bo‘lgan umidni ifodalaydi.

Unutmaylik, zo‘ravonlikka qarshi kurashish nafaqat davlat va jamoat tashkilotlarining vazifasi, balki har birimizning insoniy burchimizdir.

Zo‘ravonlikka befarq bo‘lmang! Har bir ayol xavfsiz, erkin va munosib hayot kechirish huquqiga ega!