25/10/2023

Joriy yilning 20-oktabr kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Seminarda boshqarma bosh yuriskonsulti A. Nurmatov kun tartibiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-oktabrdagi “Aholining ijtimoiy himoyaga olish huquqlarini ta’minlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 539-son hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 17-oktabrdagi “Professional mediatorlar reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti to‘g‘risida”gi 544-son qarorlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini haqida ma'ruza qildi.

“Aholining ijtimoiy himoyaga olish huquqlarini ta’minlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 539-sonli qarorida o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish markazlari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida bir yilda kamida bir marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, ijtimoiy xodimlarga fuqarolardan kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash bo‘yicha arizalarni qabul qilish vakolati berilganligi, 2024-yil 1-yanvardan I-guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaga, shuningdek, davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turishning haqiqiy holatlari ijtimoiy xodimlar tomonidan bir yilda bir marotaba o‘rganiladi va o‘rganish ma’lumotlari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuritib borilishi hamda 2024/2025 o‘quv yilidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan o‘tkaziladigan “Eng faol ijtimoiy xodim” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida g‘olib bo‘lgan ijtimoiy xodimlar davlat oliy ta’lim muassasalariga “Ijtimoiy ish” mutaxassisligi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi va boshqa ma’lumotlar haqida to‘xtalib o‘tdi. 

 

Kun tartibidagi ikkinchi masala yuzasidan “Professional mediatorlar reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlanganligi, unga ko‘ra, maxsus o‘quv kursidan o‘tganligi haqida sertifikatga ega bo‘lgan va Reyestrga kirish istagini bildirgan jismoniy shaxs (talabgor) doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat’i nazar, eksterritoriallik tamoyili asosida istalgan davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etishi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YaIDXP (my.gov.uz)dan ruyxatdan o‘tishi, zarur ma’lumotlar so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng talabgor ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirishi hamda imzolashi haqida ma’ruza qildi. Shu bilan birga Davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lov undirilmacligi, talabgor murojaat etganda, uning so‘rovnomasi to‘ldirilib, talabgor tomonidan tasdiqlangandan so‘ng 10 daqiqada tegishli hududiy adliya organiga elektron shaklda yuborilishi, professional mediatorlar reyestri elektron shaklda shakllantirilishi va yuritilishi haqida keng va atroflicha ma’lumotlar berildi.

             Axborot xizmati.