04/12/2023

Joriy yilning 4-dekabr kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida yangi qabul qilingan qonunlarnining mazmun va mohiyatini tushuntirish bo‘yicha  o‘quv seminari tashkil etildi. Seminarda boshqarma bosh yuriskonsulti A.Nurmatov kun tartibiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasining “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–871-son Qonunining hamda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. 

Xususan, ma’ruzachi o‘z so‘zida, O‘zbekiston Respublikasining “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–871-son Qonuniga muvofiq, mamlakatimizda yer munosabatlari sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli tarzda himoya qilishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilayotganligi, shu bilan birga yer uchastkalarini ijaraga olishda ijara munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlarini aniq belgilash, o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish, jamoat ehtiyojlari uchun ommaviy servitut belgilashni huquqiy jihatdan tartibga solish zarurati yuzaga kelayotganligi, ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik  kodeksiga, O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga servitut to‘g‘risidagi shartnomaga, servitut ishtirokchilarining huquq va majburiyatlariga, servitutni o‘zgartirish va uni bekor qilish, servitut uchun haq to‘lash, ommaviy servitutni belgilash qoidalariga doir qo‘shimchalar kiritilayoganligi, yer egasining muayyan hollarda qo‘shni yer egasiga tegishli yerdan foydalanishni talab qilish huquqlari haqida keng tushuncha berildi.

Bundan tashqari, 2022-yil 28-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘RQ-798-son Qonun qabul qilinib, 2023-yil 30-aprel kuni qonuniy kuchga kirganligi, yangi Mehnat kodeksi xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta’minlash hamda ularni muvofiqlashtirish asosida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga, tashkilotlarning kuzatuv kengashlari a’zolariga, mazkur tashkilotning xodimlari bo‘lmagan taftish komissiyalari a’zolariga, fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomalar asosida ishlarni bajarayotgan shaxslarga, agar qonunda belgilangan bo‘lsa, boshqa shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasligi, yangi kodeksda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik, mehnat huquqlari ta’minlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi, xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi kabi asosiy prinsiplari belgilanganligi haqida ham so‘z yuritildi.