15/01/2024

Joriy yilning 15-yanvar kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida yangi qabul qilingan qununchilik hujjatlarining mazmun va mohiyatini tushuntirish bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi. Seminarda boshqarma bosh yuriskonsulti A.Nurmatov kun tartibiga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibini takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–889-son Qonunini hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 09-yanvar kungi “Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga hisobot va statistik ma’lumotlarni taqdim etish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-8-son Qarorlarining mazmun va mohiyatini tushuntirish bo‘yicha ma’ruza qildi.

Xususan, ma’ruzachi o‘z so‘zida, Mazkur qonun bilan viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlarda ishlar taftish tartibida ko‘rish bosqichi joriy etilganligi, ishlar taftish tartibida Oliy sudning Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida va alohida hollarda Oliy sud Rayosatida ko‘rilishi, yuqori instansiya sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish tartibi bekor qilinishi, shuningdek, yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq ishlarni ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rishda prokuror ishtirok etishi shartligi belgilanganligi, ishni taftish instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda, shuningdek ishni yuqori turuvchi sud tomonidan taftish tartibida qayta ko‘rishda ishtirok etishi mumkin emasligi, protsessual muddatni tiklash haqidagi yoki tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin bo‘lishi haqida so‘z yurutdi. Bundan tashqari, kelishuv bitimi apellyatsiya yoki kassatsiya, taftish instansiyasi sudi tomonidan tasdiqlangan taqdirda, ajrim chiqarilib, ish bo‘yicha ilgari qabul qilingan barcha sud hujjatlari ushbu ajrim bilan bekor qilinishi  va ish yuritish tugatilishi, kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran 6 oy ichida berilishi mumkinligi, taftish tartibidagi shikoyat (protest) ishni taftish tartibida ko‘radigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, harbiy sud nomiga yo‘llanishi, lekin hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga berilishi haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

Kun tartibidagi ikkimchi masala yuzasidan, 2024-yildan tadbirkorlardan talab qilinadigan, o‘zaro bir-birini takrorlovchi va davlat organlarining boshqa organlardan olish imkoniyati mavjud bo‘lgan 8 turdagi hisobot va statistik ma’lumotlar bekor qilinishi, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan hisobot va statistik ma’lumotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlanishi, qarorga ko‘ra, hisobotlar faqat axborot tizimlari orqali taqdim etilishi, 2026-yil 1-yanvargacha “tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti” orqali hisobotlarni shakllantirish va davlat organlariga taqdim etishni nazarda tutuvchi yagona hisobotlar tizimi joriy qilinishi atroflicha tushuncha berildi. Shu bilan birga hisobotlarni topshirish 2026-yil 1-yanvardan barcha tadbirkorlar uchun  ixtiyoriy, 2027-yil 1-yanvardan kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari uchun  majburiy, 2028-yil 1-yanvardan barcha tadbirkorlar uchun majburiy tartibda amalga oshirilishi haqida uqtirib o‘tildi.