06/05/2024

Joriy yilning 3-may kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining bosh yuriskonsulti A.Nurmatov qatnashib,  kun tartibiga qo‘yilgan birinchi masala - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-114-son qarorining mazmun – mohiyati va ahamiyati yuzasidan ma’ruza qildi. 

U o‘z so‘zida qarorda ko‘rsatilgan  Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ma’qullangan qo‘llanma (NQAF) asosida Milliy sifatni boshqarish qo‘llanmasi ishlab chiqilishi, xalqaro ekspertlarni keng jalb etgan holda milliy statistika tizimini global baholashdan o‘tkazilishi va natijalari e’lon qilinishi, shuningdek, qaror bilan Statistika agentligi huzuridagi Statistika kengashi yangilangan tarkibda tashkil etilib, uning vakolat va majburiyatlari mustahkamlab qo‘yilganligi, Statistika agentligi rasmiy statistika sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishi, rasmiy statistika sohasidagi dasturlarning ishlab chiqilishini, amalga oshirilishini va ularni mamlakatning boshqa maqsadli dasturlari bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash choralarini ko‘rishi, o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan ko‘p yillik statistika dasturi hamda Statistika Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan bir yillik statistika dasturi asosida amalga oshirishi, o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bevosita bo‘ysunadi va unga hisobot taqdim etishi, davlat buyurtmasi bo‘yicha statistika ishlarining bajarilishi to‘g‘risida esa har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisobot berib borishi shu va boshqa ma’lumotlar haqida ma’ruza qildi. Shu bilan birga rasmiy statistika boshqa tayyorlovchilarining statistika uslubiyotlarini xalqaro tavsiyalarga muvofiqligi bo‘yicha auditdan o‘tkazishi, ularni muvofiqlashtirish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritishi, Statistika kengashi bilan kelishgan holda loyiha guruhlarini (ofislarini) tashkil etishi, konsalting tashkilotlarini jalb etishi hamda xalqaro moliya institutlari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlik bo‘yicha va boshqa shartnomalarni tuzishi, Statistika agentligi rasmiy statistikani shakllantirish bilan bog‘liq o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda amalga oshirishi haqida ham atroflicha tushuncha berildi. Kun tartibidagi ikkinchi masala - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga  o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi PF-69-son farmoni yuzasidan zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 648 000 so‘m bo‘lganligi, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 648 000 so‘m etib belgilanganligi, buning natijasida 1 061 ming nafar eng kam pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarning pensiya va nafaqalari minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga yetkazilishi, shuningdek, 2024-yil maydan xususiy sektorda ishlovchi ayollarga Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasidan to‘lanadigan homiladorlik va tug‘ish nafaqalari miqdori 2 592 ming so‘mni tashkil etganligi haqida batafsil ma’lumot berildi.