22/05/2024

Joriy yilning 21-may kuni Farg‘ona davlat universitetining “ Chet tillar” fakulteti o‘qituvchi va talabalar ishtirokida aholini ro‘yxatga olishga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining “Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va uni o‘tkazish” bo‘limi bosh mutaxassisi B.Ahadjonov hamda boshqarma Axborot xizmati bosh mutaxassisi B.Maksudovalar ishtirok etib, ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 16-martdagi “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘RQ- 611-sonli qonuni qabul qilinganligi,  unda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishning maqsadi, asosiy vazifalari va bosqichlari belgilab qo‘yilganligi, aholini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barcha aholiga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va e’lon qilishning yagona jarayonini o‘z ichiga olishi, aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai hisoblanishi va u kelgusi 10 — 30 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratishi, hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha siyosiy va boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni olish imkonini berishi haqida so‘z yuritildi. 

Bundan tashqari aholi sonini ishonchli hisoblash, shuningdek, aniq belgilab qo‘yilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflashning universal usulini ishga solgan holda rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynashi haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

  Axborot xizmati.