Joriy yilning 12- dekabr kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi binosida viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va matbuot kotiblari hamda Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti talabalari ishtiroki matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat statistika boshqarmasining Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i H. Mutalipov qatnashib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabr kuni “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 173-sonli Farmoni qabul qilinganligi, unga ko‘ra, mamlakatimizda 2026- yil 15- yanvardan 28- fevralgacha aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi, bu jarayon mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini strategik rejalashtirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi, qolaversa mamlakatimiz aholisining ish bilan bandligi va daromad manbalari haqida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanishi hamda qishloq xo‘jaligida yerdan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik ko‘rsatkichlari aniqlanishi haqida ma’ruza qildi. Shu bilan birga aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish bo‘yicha taqdimot qilindi. Bundan tashqari bugungi kunda viloyat statistika boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berildi. Jumladan, “mahalla yettiligi” uchun planshet orqali ma’lumotlarni kiritish bo‘yicha o‘quv amaliy seminarlar tashkil etilganligi, seminarlarda mahalla faollari ma’lumotlarni planshet qurilmasiga kiritish qoidalari, so‘rovnomadagi shakllarni to‘ldirish tartiblari hamda test rejimida uy xo‘jaliklarni ro‘yxatga olish mashg‘ulotlarini bajarganliklari, shu bilan birga, odamlar gavjum bo‘lgan bozorlarda, vokzallarda, savdo markazlarida va boshqa shunga o‘xshash joylarda mazkur tadbirning ahamiyati yuzasidan audioroliklar hamda shahar va tuman markazlarida joylashtirilgan led monitorlarida uzluksiz videoroliklar namoyish etilayotganligi haqida ham ma’lumotlar berildi. Anjuman so‘ngida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar javob qaytardilar.







