Joriy yilning 18 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri yuzasidan o‘quv seminari tashkil etildi. Unda Milliy statistika qo‘mitasi mas’ul xodimlari hamda Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etdi.
Tadbirda Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Z. Ziyayev taqdimot qilib, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati hamda jarayonlarining xalqaro amaliyotdagi o‘rni haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, seminar davomida ro‘yxatga olish tadbirlarini tashkil etish, ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash jarayonlari, raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralgacha mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi.
Ro‘yxatga olish jarayoni 2 bosqichda tashkil etiladi:
1 bosqich 15-31 yanvar — 17 kun davomida census.stat.uz sayti orqali OneID tizimi yordamida onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoni yaratiladi.
2 bosqich 4-28 fevral — “Mahalla yettiligi” a’zolari uyma-uy yurib, planshet orqali ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etadi.






