2026- yil O‘zbekiston uchun statistik jihatdan tarixiy yil bo‘ladi. Chunki mamlakatda 1989- yildan keyin ilk bor umummilliy aholini ro‘yxatga olish o‘tkaziladi. Bu jarayonga tayyorgarlik ishlari esa allaqachon yuqori sur’atda ketmoqda.
27 -noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Milliy statistika qo‘mitasining hisoboti bilan tanishar ekan, 2026- yil yanvar oyida start oladigan aholini ro‘yxatga olish ishlari alohida muhokama qilindi. Davlat rahbariga ma’lum qilinishiga ko‘ra, bugunga qadar mamlakat bo‘ylab 9008 ta mahalla kesimida tashkiliy rejalar tasdiqlangan. Eng muhimi, jarayonga bevosita jalb etiladigan 60 ming nafardan ziyod “mahalla yettiligi” vakillari hamda mas’ul xodimlar maxsus o‘quv kurslaridan o‘tkazilgan.
Bu galgi ro‘yxatga olish an’anaviy qog‘oz-daftarli usulda emas, balki raqamli formatda amalga oshiriladi. Ya’ni maxsus elektron portal orqali, uyma-uy yurib, planshet qurilmalari yordamida ma’lumotlar kiritiladi. Barcha jarayonlar geoaxborot tizimi orqali onlayn monitoring qilinadi. Shu maqsadda mamlakatdagi turar joylar va xonadonlarning geomanzillari shakllantirilgan.
Prezidentga hududlarda tayyorgarlik ishlarining holati haqida ham axborot berildi. Shu bilan birga, ro‘yxatga olishni yanada takomillashtirish uchun qator muhim vazifalar belgilab olindi. Xususan, raqamli platformalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish, xorijda ishlayotgan yoki o‘qiyotgan fuqarolarni qamrab olish, uyma-uy va onlayn usulda to‘plangan ma’lumotlarni aniq va ishonchli integratsiya qilish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbari aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini belgilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, sohani strategik yondashuv asosida transformatsiya qilishni davom ettirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
E’tiborli jihati shundaki, aholini ro‘yxatga olish 2026- yil 15- yanvardan 26- fevralgacha ikki bosqichda o‘tkaziladi: avvalo internet orqali, keyin esa uyma-uy hisobga olish yo‘li bilan. Bu usul xarajatlarni keskin qisqartirish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,3 trillion so‘m mablag‘ tejaladi. Savollar soni ham optimallashtirilib, avval rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga tushirilgan. Ya’ni, ko‘p savol — kam foyda degan eski qoida qayta ko‘rib chiqildi.
Ro‘yxatga olish faqat aholi bilan cheklanib qolmaydi. Qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holati, chorva mollari va parrandalar soni ham aniqlanadi. Bu orqali sohaga yo‘naltirilayotgan yillik 25,6 trillion so‘m mablag‘, jumladan, 2,2 trillion so‘m budjet xarajatlarining samaradorligini baholash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun mustahkam ma’lumotlar bazasini yaratish rejalashtirilgan.
Qisqasi, 2026- yilgi aholini ro‘yxatga olish — bu oddiy “sanoq” emas. Bu kelajakni rejalashtirish, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni aniq raqamlarga tayanib amalga oshirish uchun mustahkam poydevor. Va bu poydevor qanchalik aniq bo‘lsa, ertangi qarorlar ham shunchalik ishonchli bo‘ladi.

#ROʻYXATGAOLISH2026
#AHOLIROʻYXATI
#QISHLOQROʻYXATI



