12/01/2026

Ma’lumki, O‘zbekistonda 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar aholini ro‘yxatdan o‘tkazish tadbirlari amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan bugun viloyat hokimligida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev rahbarligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda aholini ro‘yxatga olish tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarining borishi muhokama qilindi. Yig‘ilishda viloyatdagi boshqarma va tashkilotlar, tijorat banklari rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek, videoaloqa orqali shahar va tumanlardagi mas’ul rahbarlar ishtirok etdilar.

Ta’kidlanganidek, aholini ro‘yxatdan o‘tkazish mamlakatning demografik, iqtisodiy va ijtimoiy holatiga oid ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va e’lon qilishni qamrab oluvchi yagona tizimli jarayondir. Ushbu tadbir aholi haqidagi eng asosiy axborot manbai bo‘lib, kelgusi 10–20 yillik rivojlanish prognozlarini ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi haqida so‘z yuritildi. Yig‘ilishda bir qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, joylarda shtablar faoliyatini belgilangan tartibda tashkil etish, ular mas’uliyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratish, sinov tariqasida o‘tkazilgan o‘quv amaliy mashg‘ulotlarda yaxshi natija ko‘rsatgan mahalla “yettili” faollaridan shahar va tumanlardagi davlat tashkilotlariga, yirik korxonalarga biriktirish, ular tomonidan onlayn tarzda ishchi-xodimlar ma’lumotini tez va shaffof kiritishga amaliy yordam ko‘rsatishi, ro‘yxatga olish jarayonlarida alohida o‘rnak ko‘rsatgan mahalla “yettili” faollariga rag’bantlantirish belgilanganligi haqida so‘z yuritildi. Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchi va talabalarini ro‘yxatga olish tartib-qoidalari masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ishtirokchilar savollariga javoblar berilib, oldinda turgan vazifalar haqida kelishib olindi.



Axborot xizmati.