Ulugʻ ajdodimiz Alisher Navoiyning bebaho ijodiy va ilmiy merosi nafaqat xalqimiz ma’naviyati, balki jahon adabiyoti, milliy madaniyatimiz hamda adabiy-estetik tafakkur taraqqiyotida beqiyos o‘rin egallaydi. U o‘zining serqirra ijodi orqali turkiy adabiyot nufuzini yuksak cho‘qqilarga ko‘tardi, ona tilimizning qudrati va nafosatini butun dunyoga namoyon etdi.
Buyuk shoirning she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalar — ezgulik, adolat, muhabbat, vatanparvarlik va insonparvarlik teran falsafiy mazmun bilan mujassam. Uning boy ma’naviy merosi bugun ham insoniyatni ezgulikka chorlaydigan bebaho ma’naviy xazina bo‘lib xizmat qilmoqda.




