Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri har qanday davlat uchun strategik ahamiyatga ega jarayondir. Chunki mamlakat taraqqiyoti, hududlarni kompleks rivojlantirish, ijtimoiy sohalarni takomillashtirish va infratuzilmani kengaytirish aynan aniq statistik ma’lumotlarga tayangan holda rejalashtiriladi. Ishonchli raqamlar esa kelajakni puxta va samarali qurishning mustahkam poydevoridir.
Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan ro‘yxatga olish ishlari zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etilmoqda. Jarayonda maxsus elektron planshetlardan foydalanilayotgani ma’lumotlarning tezkor va aniqlik bilan qayd etilishini ta’minlamoqda. Bu esa inson omilini kamaytirib, statistik ko‘rsatkichlarning shaffof va ishonchli shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Xususan, Farg‘ona shahridagi “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inida ro‘yxatga olish ishlari namunali tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Mahalla “yettiligi” tomonidan birinchi bosqichda ro‘yxatdan o‘tolmagan fuqarolar xonadonma-xonadon yurib, maxsus planshetlar yordamida qayta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda. Bu esa jarayonning qamrovini to‘liq ta’minlash, birorta ham xonadon yoki fuqaroning e’tibordan chetda qolmasligini kafolatlaydi.
Mazkur mahallada jami 1 222 ta uy xo‘jaligi mavjud bo‘lib, ularda 1 860 ta oila va 5 634 nafar aholi istiqomat qiladi, Alohida ta’kidlash joizki, mahalla ahlining jarayondagi faolligi tahsinga loyiq. Fuqarolarning mas’uliyat bilan yondoshayotganligi, ro‘yxatga olish tadbirining muvaffaqiyatli o‘tishida hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Zero, taqdim etilayotgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va to‘liqligi nafaqat bugungi, balki kelajak avlodlar farovonligi uchun ham muhimdir.






