10/03/2026

Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan 2026- yil uchun kambag‘allik chegarasi, ya’ni minimal iste’mol xarajatlari (MIX)ning yangilangan qiymati e’lon qilindi.

Ma’lumki, minimal iste’mol xarajatlari aholining eng zarur ehtiyojlarini qoplash uchun talab etiladigan minimal xarajatlar miqdorini ifodalaydi. U xalqaro metodologiya asosida hisoblanadi va har yili inflyatsiyaning oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlar bo‘yicha narx indekslari asosida alohida indeksatsiya qilindi.

Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021- yil 27- avgustdagi “Minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi 544-son qaroriga muvofiq, minimal iste’mol xarajatlari qiymati hisoblab chiqiladi. Shu tartibga muvofiq, 2026- yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming so‘mni tashkil etdi. E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, MIXning yangilangan qiymati amaldagi 669 ming so‘mdan 6,9 foizga oshgan.

Bir qarashda MIX qiymati inflyatsiya qancha bo‘lsa, shunchaga yaqin oshishi kerakdek tuyuladi. Ammo amalda bu ikki ko‘rsatkich doim ham bir xil bo‘lavermaydi.

 Quyidagi sabablarga ko‘ra, MIXni hisoblash va yangilash tartibi inflyatsiyaning umumiy raqamidan farq qilishi mumkin:

Birinchidan, MIX to‘g‘ridan-to‘g‘ri umumiy inflyatsiya darajasiga emas, balki uning tarkibiy qismlari – oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar bo‘yicha narx indekslari orqali alohida-alohida indeksatsiya qilinadi. Shu sababli, MIXning o‘zgarish sur’ati har doim ham umumiy inflyatsiya darajasi bilan mos kelmaydi.

 Ikkinchidan, MIX o‘sishining (2025- yildagiga nisbatan 6,9 foiz) mazkur davrdagi inflyatsiya darajasidan farq qilishi MIX tarkibida oziq-ovqat mahsulotlarining yuqori ulushga ega ekanligi bilan izohlanadi. Ya’ni, boshqa (nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar) omillarga nisbatan oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘zgarishi MIX qiymatiga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi.

 Uchinchidan, MIX o‘zgarishi umumiy inflyatsiya darajasidan har doim ham pastroq bo‘lavermaydi.

Masalan, 2023 yilda MIX 14%ga oshirilgan bo‘lsa, yillik inflyatsiya 12,3% ni tashkil qilgan. Shuningdek, 2024 yil boshida MIX 9,3% ga, iste’mol narxlari esa 8,8% ga oshgan.

Minimal iste’mol xarajatlari tarkibi respublika iqtisodiyotining rivojlanishi hamda aholi daromadlari va xarajatlaridagi o‘zgarishlarini inobatga olinganligi sababli, uni har 5 yilda o‘rnatilgan tartibda qayta ko‘rib chiqiladi.

Shu munosabat bilan, joriy yilda aholini ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari hamda 16 mingta uy xo‘jaligining iste’moli va daromadlari bo‘yicha so‘rov natijalari asosida 2027 yilda minimal iste’mol xarajatlarining yangilangan mezonlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.