Farg‘ona viloyatida “Statistika asoslari” yo‘nalishida sayyor o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining statistika tizimini takomillashtirish va sohada raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga qaratilgan qarorlari, shuningdek, amaldagi qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda viloyat hokimining tegishli farmoyishi qabul qilinib, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga oid statistik ma’lumotlar sifatini oshirish hamda mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Rejaga muvofiq, 25–27 mart kunlari davomida mahalliy davlat hokimiyati organlari va turli iqtisodiyot tarmoqlari xodimlari uchun sayyor o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilishi belgilangan. Mazkur mashg‘ulotlarning ilk kuni 25 martda Farg‘ona davlat universitetida start oldi.
O‘quv jarayonida Milliy statistika qo‘mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutining kafedra mudiri M. Ahmedova hamda Statistik registrlarni yuritish bo‘limi boshlig‘i M.Umarovlar ishtirok etib, tinglovchilarga statistika fanining asosiy tushunchalari, metod va usullari, rasmiy statistika tizimi faoliyati hamda statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirish va e’lon qilish tartibi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilishda mutlaq, nisbiy va o‘rtacha ko‘rsatkichlardan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari ham atroflicha tushuntirildi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari hududlarda statistik savodxonlikni oshirish, ma’lumotlar sifati va ishonchliligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.





