21/05/2026

 Joriy yilning 15-may kuni O‘zbekiston tumanida statistik hisobotlarni topshirishga mas’ul xodimlar ishtirokida o‘quv-seminari tashkil etildi. Tadbirda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi bosh yurist konsulti A. Nurmatov ishtirok etib, huquqiy yangiliklar va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari yuzasidan ma’ruza qildi.

 Seminar davomida Prezidentimizning 2026-yil 5-maydagi “Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–74-son Farmonining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat budjeti hisobidan tibbiy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, davolash xarajatlarini yagona bazaviy narxlar asosida qoplash, litsenziya tizimini soddalashtirish hamda ayrim tibbiy xizmatlarni autsorsing asosida tashkil etishga ruxsat berilishi belgilandi.

Shuningdek, Prezidentimizning 2026-yil 6-maydagi “To‘lovga qobiliyatsizlik institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–78-son Farmoni haqida ham ma’lumot berildi. Mazkur hujjat asosida Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi tashkil etilishi, ushbu sohada raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv tizimi joriy etilishi qayd etildi.

Seminar yakunida “Korrupsiyaga qarshi kurash bugungi kunning dolzarb masalasi” mavzusida ma’ruza tinglanib, ishtirokchilarning huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.



Axborot xizmati