03/06/2026

Joriy yilning 3-iyun kuni Farg‘ona davlat universitetining Iqtisodiyot fakultetida “Karyera kuni” tashkil etildi. Mazkur tadbir doirasida bitiruvchi talabalar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi axborot xizmati bosh mutaxassisi B. Maksudova ishtirok etib, talabalarga statistika organlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va sohaning bugungi rivojlanish tendensiyalari haqida ma’lumot berdi.

Muloqot davomida Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘ining 2025-yil 11-iyundagi topshirig‘i asosida statistika organlarida ishlash jozibadorligini oshirish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, boshqarma hamda shahar va tuman statistika bo‘limlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga malakali va istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi “Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–27-son Farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–75-son qarori mazmun-mohiyati talabalarga batafsil tushuntirildi.Chunonchi, statistika organlarida raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash, jumladan, sun’iy intellekt asosidagi “Maslahatchi” va “Tahlilchi” interaktiv xizmatlarining 2026-yil 1-yanvardan boshlab amaliyotga joriy etilgani haqida ham batafsil so‘z yuritildi. Ushbu innovatsion yechimlar statistik ma’lumotlardan foydalanish qulayligini oshirish, tahliliy imkoniyatlarni kengaytirish va foydalanuvchilarga tezkor xizmat ko‘rsatishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Tadbir yakunida mamlakatimizda o‘tkazilgan aholini va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarining yakunlari yuzasidan ham axborot berildi. Aholini ro‘yxatga olish natijalari aholi turmush darajasini yaxshilash, bandlikni ta’minlash, hududlarni kompleks rivojlantirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni ishlab chiqishda muhim axborot manbai hisoblanishi haqida so‘z yuritildi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv talabalar uchun statistika tizimidagi islohotlar, sohaga oid yangiliklar hamda kelajakdagi kasbiy faoliyat imkoniyatlari haqida foydali ma’lumotlarga ega bo‘lish imkonini berdi. Tadbir yakunida talabalarning qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi.