17/06/2026

 Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida viloyatda savdo xizmatlari hajmi 7 trillion 538,4 milliard so‘mni tashkil etdi.

 O‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,7 foizga qayd etilgan o‘sish iste’mol bozoridagi faollik, chakana va ulgurji savdo tarmoqlarining kengayishi hamda tadbirkorlik subyektlari sonining ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

 Savdo xizmatlari sohasining rivojlanishi aholini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, ichki bozorni barqarorlashtirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

 Hududda savdo infratuzilmasining takomillashuvi, zamonaviy savdo markazlari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining ko‘payishi Farg‘ona viloyatining iqtisodiy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.