2026-yil 30-iyun kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasida “Farg‘ona viloyatida xizmatlar sohasining 2026-yil yanvar–may oylaridagi asosiy statistik ko‘rsatkichlari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, mutasaddi tashkilotlar xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sh. Zokirov, Xizmatlar va savdo sohasi statistikasi bo‘limi boshlig‘i M. Ergashov hamda Murojaatlar bilan ishlash va ijro intizomi nazorati bo‘yicha bosh mutaxassisi S. Meliqo‘ziyevlar mavzu yuzasidan ma’ruza qildilar.

Tadbir davomida viloyatda xizmatlar sohasining 2026-yil yanvar–may oylaridagi rivojlanish ko‘rsatkichlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, hisobot davrida bozor xizmatlari hajmi 34 trln 756,1 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,4 foizga o‘sdi. Aholi jon boshiga ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi esa 8 mln 214,0 ming so‘mga yetganligi, shuningdek, xizmatlar sohasida kichik tadbirkorlik subyektlarining ulushi yuqori bo‘lib, ular tomonidan 26 trln 99,0 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilganligi, bu jami bozor xizmatlari hajmining 75,1 foiziga teng ekani qayd etildi.

Anjumanda xizmatlar hajmining o‘sishida savdo, transport, moliyaviy xizmatlar, yashash va ovqatlanish hamda aloqa va axborotlashtirish xizmatlari muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Xususan, savdo xizmatlari umumiy o‘sishga 5,0 band, transport xizmatlari 3,2 band va moliyaviy xizmatlar 2,5 band hissa qo‘shgan.

Matbuot anjumanining ikkinchi qismida Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasiga 2026-yil yanvar–may oylarida kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash natijalari yuzasidan ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida boshqarmaga jami 34 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 23 tasi yuridik, 11 tasi jismoniy shaxslarga to‘g‘ri kelgan. Kelib tushgan murojaatlarning barchasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan. Ularning 33 tasi ijobiy hal etilgan, 1 tasi bo‘yicha esa tegishli tushuntirish berilgan.

Matbuot anjumanida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarning mazmun-mohiyati, ularni ko‘rib chiqish natijalari hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan amaliy yordam yuzasidan ma’lumot berildi. Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarilib, statistika organlari faoliyatining ochiqligi va aholi bilan muloqotni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot taqdim etildi.
Ахborot xizmati.



