Joriy yilning, 11- avgust kuni, Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi binosida shahar va tuman statistika bo‘limlari mutaxassislari ishtirokida «4-mehnat» choraklik statistik hisobotini shakllantirish va qabul qilishdagi muhim jihatlar» mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.

Mehnat sohasiga oid statistik ma’lumotlar aholi bandligi, mehnat resurslaridan samarali foydalanish, ish haqi dinamikasi hamda mehnat bozoridagi jarayonlarni baholashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois statistik hisobotlarni aniq, to‘liq va ishonchli ma’lumotlar asosida shakllantirish dolzarb vazifalardan biridir.
Seminarda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘i Sh.Mamadaliyev, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sh. Zokirov, Demografiya, mehnat va gender statistikasi bo‘limi boshlig‘i Sh. Tojimatov ishtirok etdilar.

Tadbir davomida «4-mehnat» choraklik statistik hisobotini to‘g‘ri shakllantirish va qabul qilish bilan bog‘liq muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi. Xususan, xodimlarning o‘rtacha soni, mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hamda haqiqatda ishlangan vaqt ko‘rsatkichlarini hisoblash va hisobotda to‘g‘ri aks ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, haqiqatda ishlangan vaqt ko‘rsatkichini shakllantirishda belgilangan ish vaqti, ishdan tashqari vaqt, bayram va dam olish kunlarida, o‘rindoshlik asosida hamda xizmat safari davomida ishlangan vaqtni hisobga olish tartibi amaliy misollar asosida tushuntirildi. Seminarda amaliyotda uchrayotgan savol va muammolar yuzasidan «4-mehnat» choraklik statistik hisoboti blankasi asosida batafsil tushuntirishlar berildi.
Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad — mehnat statistikasi bo‘yicha hisobotlarni sifatli va belgilangan tartibda shakllantirish, ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligini ta’minlash hamda hisobotlarni qabul qilish jarayonida uchraydigan kamchiliklarning oldini olishdan iborat.




