25/08/2026

Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi tomonidan umumta’lim muassasalarida statistik ma’lumotlarni to‘g‘ri, aniq va sifatli shakllantirishga qaratilgan amaliy seminarlar davom ettirilmoqda.

Joriy yilning 24-avgust kuni boshqarmaning Turmush darajasi va ijtimoiy soha statistikasi bo‘limi tomonidan Quva tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tumanda faoliyat yuritayotgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirokida navbatdagi seminar tashkil etildi.

Seminarda Turmush darajasi va ijtimoiy soha statistikasi bo‘limi boshlig‘i M. Rahimova hamda bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari R. Kodirova ishtirok etib, hisobot shaklini to‘g‘ri va sifatli to‘ldirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdi.

Seminar davomida hisobotni to‘ldirishning muhim jihatlari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Jumladan:

 o‘quvchilar soni va tarkibi;
 sinflar va ta’lim tillari;
 o‘quvchilarning yosh tarkibi;
 chet tillarini o‘rganish holati;
 ijtimoiy yordamga muhtoj o‘quvchilar;
 pedagoglar tarkibi;
 kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlanganlik;
 ta’lim muassasalari infratuzilmasiga oid ma’lumotlarni aks ettirish tartibi muhokama qilindi.

Shuningdek, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, statistik ma’lumotlarni shakllantirishda xolislik, haqqoniylik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy rioya etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.