18/09/2026

Toshloq tumanida biznesni ro‘yxatga olish tadbiriga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda jarayonga jalb etiladigan mas’ul xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv-seminari tashkil etildi.



Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026- yil 10- sentabrdagi “Statistikani rivojlantirish – 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash hamda ro‘yxatga olish ma’lumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–190-son Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazildi.



 O‘quv-seminarida tumanda faoliyat olib borayotgan hokim yordamchilari, Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi hamda tuman statistika bo‘limi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.



Seminar davomida biznesni ro‘yxatga olish tadbirini tashkil etish va o‘tkazish tartibi, uning normativ-huquqiy asoslari hamda jarayon ishtirokchilari oldida turgan asosiy vazifalar yuzasidan zarur tushuntirishlar berildi.

Seminarning amaliy qismida ro‘yxatga olish jarayonida foydalaniladigan planshet qurilmalari orqali elektron shakllarni to‘ldirish tartibi batafsil tushuntirildi. Xususan, ma’lumotlarni to‘g‘ri va to‘liq kiritish, elektron shakllar bilan ishlash hamda planshetdan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollar muhokama qilinib, mutaxassislar tomonidan tegishli tushuntirish va tavsiyalar berildi.