12/08/2021

Joriy yilning 11-avgust kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistikasi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ziyayev Zoxidjan Muratovich boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021- yil 23- martdagi “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 6191-sonli farmoni ijrosi yuzasidan masofaviy tarzda onlayn yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig’ilishda barcha viloyatlar statistika boshqarmalarining Kadrlar bo‘limi, Demografiya va mehnat statistikasi bo‘limi, Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ijro intizomi nazorati bo‘limi hamda Dasturiy texnik taʼminot va maʼlumotlarni saqlash markazi boshliqlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda Z. Ziyaev mazkur qarorga asosan vazirlik va idoralar bilan birgalikda axborot xafvsizligi talablariga rioya etish, idoraviy axborot tizimlari, resurslari va maʼlumotlar bazalarida mavjud va davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan axborot va maʼlumotlarning “Elektron xukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilinishi, elektron bazalarini o‘z vaqtida va sifatli shakllantirish, maʼlumotlarni raqamlashtirish, maʼlumotlar hamda elektron ko‘rinishdagi xujjatlarni muddatida berish ko‘rsatilganligini ta’kidladi.

Shuningdek, farmonga asosan 2021- yil 1- iyundan boshlab shahar, tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan viloyat statistika boshqarmasiga dalolatnoma yozuvlarining nushalarini qog‘oz shaklida yuborish va hisobotlarni topshirish amaliyoti bekor qilinganligi haqida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir so‘nggida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyat statistika boshqarmalarining masʼul xodimlari bilan mazkur farmon ijrosi yuzasidan fikr-mulohaza almashildi.

Axborot xizmati.