Joriy yilning 25-noyabr kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi xodimlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 15-iyun kunidagi “Tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etiladigan hisobot tizimini takomillashtirish va uni noqonuniy talab etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risida”gi 100-son qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish yuzasidan seminar tashkil etildi.
Seminarda viloyat statistika boshqarmasi bosh yuriskonsulti D. Teshaboyev so‘zga chiqib, mazkur qaror bilan normativ hujjat talabiga ko‘ra, statistika organlarida xizmat qilayotgan xodimlar tadbirkorlik subyektlaridan davlat statistika organlari belgilangan moliyaviy va statistik hisobotlarga qo‘shimcha ravishda har qanday ma’lumotlar, ma’lumotnoma va hujjatlarni talab qilishga, boshqa davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan qonunlarda nazarda tutilmagan har qanday axborotni, shu jumladan hisobot, ma’lumotlar, ma’lumotnoma va hujjatlarni talab qilishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ma’ruza qildi. Bundan tashqari, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari qarorning ushbu bandini buzganlik uchun shaxsan javobgar bo‘lishlari to‘g‘risida qattiq ogohlantirilganligi alohida ta’kidlandi.
Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga ma’ruzachi va seminarda ishtirok etgan boshqarmaning “Ishbilarmonlik muhiti kuzatuvlari, tadbirkorlikni rivojlantirish statistikasi bo‘limi” boshlig‘i O‘tkirbek Sobirovlar tomonidan javoblar qaytarildi.
Axborot bxizmati.