09/12/2022

Joriy yilning 9-dekabr kuni Farg‘ona viloyat statistika boshqarmasida navbatdagi o‘quv-seminar targ‘iboti bo‘lib o‘tdi. Targ‘ibot yig‘ilishida boshqarma bosh yuriskonsulti D. Teshaboyev 9- dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni  tarixiga alohida to‘xtaldi. Chunonchi, Korrupsiya - davlat va jamiyatning rivojiga, xalqning adolatga bo‘lgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavfdir. Dunyo davlatlarida jamiyat rivojiga g‘ov bo‘layotgan korrupsiya xavfiga qarshi kurashishni ta’minlashga qaratilgan bir qator xalqaro-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi, BMT Bosh Assambleyasining 2003- yil 21- noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004- yildan boshlab “9- dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida belgilanganligi haqida ma’ruza qildi.

Yurtimizda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadbirlarda Prezidentimiz 2016- yil oktabrda, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatidagi ilk saylovoldi ma’ruzasidayoq mahalliychilik va urug‘-aymoqchilik kabi illatlar barobarida O‘zbekistonning barqaror rivojiga xavf tug‘dirayotgan tahdidlar orasida aynan davlat hokimiyatini obro‘sizlantirib, iqtisodiyotning o‘sishi va tadbirkorlik rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelayotgan korrupsiya masalasiga barchaning e’tiborini qaratdi.

Aynan shu davrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligi ostida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash boshlandi va bu borada izchil qadamlar qo‘yildi.

2017-2021- yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida korrupsiyaga qarshi kurash mamlakat oldida turgan asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.

2017- yil 3- yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi.

2017- yil 2- fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2018- yil 7- dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Konstitutsiya qabul qilingani 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasidagi taklifi asosida Oliy Majlis palatalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida qo‘mitalar tashkil qilindi.

2019- yil 27- mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish  chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolanib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mavjud tizim yanada takomillashtirildi.

Xususan, 2019-2020- yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi tasdiqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Davlat xizmatchilarini tanlov asosida saralab olish, lavozimga tayinlash va yuqori lavozimlarga ko‘tarishning shaffof tartibiga asoslangan davlat xizmati tizimi shakllantirila boshlandi.

Davlat xizmatchilari uchun cheklovlar, taqiqlashlar, rag‘batlantirish choralari hamda korrupsiyaning oldini olishga doir boshqa mexanizmlarning aniq ro‘yxati belgilandi.

Korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarni himoya qilishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etildi.

2019- yil 1- sentabrdan yoshlarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ta’lim berish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

2019- yil 1- avgustdan eksperiment tariqasida dastlabki bosqichda kapital qurilish va oliy ta’lim sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirila boshlandi. 2020 yil 1 apreldan ushbu loyiha boshqa sohalarga ham bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilandi.

2019- yil 1- iyuldan davlat organlari:

korrupsiya xavf-xatariga eng ko‘p duch keladigan davlat xizmatchilarining faoliyat sohalari va lavozimlari, shuningdek, ular vakolatlarining ro‘yxatini shakllantira boshladi;

idoraviy korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlari ijrosining har chorak bo‘yicha monitoringini amalga oshirish va korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimum darajaga tushirish choralari ko‘rilmoqda.

Muayyan toifadagi davlat xizmatchilarining mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etilayotir.

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizda jamiyat va davlatning birlamchi umumiy maqsadiga aylandi. Shu munosabat bilan xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kunini nishonlash yurtimiz taraqqiyoti uchun muhim qadamlarni ifodalaydigan kun hisoblanadi.

 

 

photo2022-12-0915-20-13
photo2022-12-0915-20-17
photo2022-12-0915-20-15

  Axborot xizmati.