Joriy yilning 31-mart kuni Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasida “Farg‘ona viloyatining 2021/2022-o‘quv yilida umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining statistik ko‘rsatkichlari” mavzusida OAV xodimlari, jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari E.Ro‘ziboyev hamda “Ijtimoiy soha statistikasi” bo‘limi boshlig‘i I.Haydarovlar ishtirok etdilar.
Anjuman davomida Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan umumiy o‘rta ta'lim muassasalari soni 987 tani tashkil etib, unda 681778 ta o‘quvchi tahsil olayotganligi, 2021-/2022 o‘quv yilida umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning umumiy soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Farg‘ona shahrida 59894 nafar, Qo‘qon shahrida 48016 nafar hamda Buvayda tumanida 44049 nafar qayd etilganligi, boshqa tumanlarga nisbatan eng kam ko‘rsatkich Quvasoy shahrida 15230 nafar va So‘x tumanlari 17734 nafar hissasiga to‘g‘ri kelganligi haqida so‘z yuritildi. Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan jami o‘quvchilar 100 % deb hisoblansa, shundan 48,7 %ini qiz bolalar, 51,3 %ini o‘g‘il bolalar tashkil etganligini ko‘rish mumkin. 2021/2022- o‘quv yilda Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan umumta’lim muassasalarida 11-sinfni jami 47760 nafar o‘quvchi tamomlaganligi, tumanlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Farg‘ona shahrida 37,4 ming nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelganligi, boshqa tumanlarga nisbatan past ko‘rsatkich esa Quvasoy shahrida ya’ni 9,6 ming nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelgan. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini 54413 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lsa, shundan eng yuqori ko‘rsatkich Farg‘ona shahrida 45,8 ming nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelgan, eng past ko‘rsatkich esa Quvasoy shahriga 12,2 ming nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelganligi haqida to‘xtalib o‘tildi. Seminar so‘nggida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar tomonidan javoblar qaytarildi.