Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish aholi tarkibidagi global o‘zgarishlarni baholash, demografik siyosatni, aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash, ayollar va bolalar ahvolini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun axborotlar bazasini kengaytirish, aholi punktlari va shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, mehnat resurslaridan foydalanish va ularni joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlar tayyorlash va indikativ rejalashtirish, milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini shakllantirish va uning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazish, aholini ro‘yxatga olish davrlari oralig‘ida aholi soni va tarkibining joriy hisobini yuritish, aholi sonining hisobi va prognozlarini amalga oshirish uchun statistik bazani yaratish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish kabi asosiy vazifalarni o‘z ichiga oladi.
Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha xalqaro tavsiyalar va xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ishlari uch bosqichni o‘z ichiga olib, ularning doirasida tadbirlar ham bosqichma-bosqich, ham bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishi belgilangan.
Birinchi bosqichda (3 yilga yaqin davrda) aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish, o‘tkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, aholini ro‘yxatga olish dasturini, ro‘yxatga olish varaqalari blanklarini, aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish va o‘tkazish, uning natijalarini olish va e’lon qilish metodologiyasini ishlab chiqish, sinov asosida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni tashkil etish, uning natijalarini tahlil qilish va uning asosida metodologik hujjatlarni takomillashtirish, xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish va aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejalarini tuzish, zamonaviy xaritalash texnologiyalaridan foydalangan holda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, uning o‘tkazilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish, axborot-tushuntirish ishlarini o‘tkazish, ro‘yxatga olish varaqalarini va boshqa hujjatlarni chop etish, moddiy-texnika ta’minoti vositalarini tayyorlash va (yoki) xarid qilish, shuningdek, ularni ro‘yxatga olish uchastkalariga yetkazish, ro‘yxatga olish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlash, ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlarni o‘qitish, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq boshqa ishlar amalga oshiriladi.
Ikkinchi bosqichda (10 kundan 60 kungacha bo‘lgan davrda) bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi.
Uchinchi bosqichda (2 yildan 3 yilgacha bo‘lgan davrda) aholini ro‘yxatga olishga doir birlamchi materiallarni ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan qabul qilib olish, aholini ro‘yxatga olish materiallarini avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashga tayyorlash, birlamchi ma’lumotlarni kiritish, kodlash, nazorat va tahrir qilish, aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha dastlabki natijalarni olish, aholini ro‘yxatga olish natijalarini e’lon qilish va tarqatish kabilar amalga oshiriladi.
Marxaboxon Fozilova,
Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish
va uni o‘tkazish bo‘limi yetakchi mutaxassisi.