Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish hamda mutolaa an’analarini keng targ‘ib etish maqsadida, “Kitobxon davlat xizmatchisi” tanlovi o‘tkazildi.

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-dekabrdagi 781-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi Hay’atining tegishli topshiriqlari ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi.

Tanlovda Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi hamda shahar va tuman statistika bo‘limlari boshqaruv xodimlari faol ishtirok etdi. Ishtirokchilar uchun o‘zbek va jahon adabiyotining sara namunalaridan iborat quyidagi asarlar tavsiya etildi:
Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asari;
Chingiz Aytmatovning “Qiyomat” romani;
Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani.

Tanlov jarayonida ishtirokchilarning mazkur asarlar mazmunini qay darajada o‘zlashtirgani, qahramonlar xarakteri va asarlarning g‘oyaviy-badiiy ahamiyati yuzasidan bilimlari, shuningdek, mutolaa madaniyati va tahliliy fikrlash ko‘nikmalari baholandi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahs-munozaralar natijasida Quva tumani statistika bo‘limi bosh mutaxassisi M.Olimov “Kitobxon davlat xizmatchisi” tanlovi g‘olibi deb topilib, sertifikat va qimmatbaho televizor sovg‘asi bilan taqdirlandi.

Ta’kidlash joizki, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davlat xizmatchilarining bilim va dunyoqarashini kengaytirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish hamda yosh avlod uchun munosib ma’naviy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi tomonidan kelgusida ham xodimlar o‘rtasida kitob mutolaasini targ‘ib etishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy loyihalarni va tanlovlarni muntazam tashkil etish rejalashtirilgan.



